Female Startup: ona tilini ommalashtirish bo‘yicha platforma

“Female Startup” rukni IT-Park sahifalarida bir oy oldin paydo boʻlgan boʻlsa-da, oʻquvchilarimiz orasida eng sevimlilaridan biriga aylanib ulgurdi. Rubrika doirasida biz qizlar va ayollar tomonidan yaratilgan loyihalar haqida soʻz yuritamiz. Bugungi mehmonimiz –qozog‘istonlik Marjan Mizinbayeva, “Audaru.com” loyihasi asoschisi.

Barchasi nimadan boshlandi?

28 yoshli Marjan “Translators Group” tarjima agentligida tarjimon va marketolog sifatida ishlaydi, “Audaru” startapining esa menejeri hisoblanadi.

Loyiha yaratish gʻoyasi Marjanning oʻzi va uning hamkasblari duch kelgan muammo tufayli yuzaga keldi.

“Qozoq tili bilan ishlovchi agentligimiz tarjimonlari qozoq tilidagi resurslar yetarli emasligi bilan bog‘liq muammoga duch kelishdi. Barcha atamalar, yuqori darajadagi texnik adabiyotlar avval rus tiliga, keyin ingliz tiliga yoki ingliz tilidan rus tiliga, shundan keyingina qozoq tiliga tarjima qilinishi kerak edi. Bu juda uzoq vaqt talab qilar edi”.

Shundan so‘ng agentlik rahbari Indira tarjima sifatini oshirish maqsadida qozoq tilidan ingliz tiliga, ingliz tilidan qozoq tiliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qiladigan, sifatli, qulay, hamda turli, shu jumladan, tor sohalardagi atamalarga ega keng koʻlamli onlayn lug‘at yaratish g‘oyasi bilan chiqdi. Shu tariqa onlayn lugʻat yaratish ustida ish boshlandi;

Loyihada 10 kishi ishlagan - ular lugʻatning atama va soʻzlar bazasini tashkil etgan tarjimon va muharrirlar edi, ammo hozir jamoada 5 kishi bor: Indira Serikbay – loyiha asoschisi, “ilhom parisi”; Irina Xvan - tarjimon; Svetlana Volkova - buxgalter; Ramil Biktimirov - IT-mutaxassis va Marjan Mizinbayevaning oʻzi - loyiha menejeri.

Loyihaning maqsadi va afzalliklari haqida soʻzlab bersangiz

Startapni ishga tushirish oson ish emas, deydi mehmonimiz. Dastlabki bosqichda jamoa texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va saytda amalga oshirish uchun soʻz bazalarini qidirishda qiyinchiliklarga duch keldi.

“Eng qiyin bosqichni, ya’ni soʻzlar ma’lumotlar bazasini (500 000 soʻz) qoʻlda yigʻganimizni hali ham eslaymiz. Oʻsha paytda barchamiz bosma lugʻatlar tarkibini tizimga qoʻlda kiritishimiz kerak boʻldi. Ammo boshqa tomondan, bu ham yaxshi tajriba, undan minnatdormiz”.

Endi eng qiyini ortda qoldi va loyiha jamiyatga katta foyda keltiradi.

Marjan aytishicha, loyihaning maqsadi atamalarni tarjima qilishga muhtoj bo‘lganlarning barchasi uchun professional, yuqori sifatli onlayn platforma yaratish va resurslar sonini ko‘paytirishdan iborat.

“Biz loyihani ilk bor ishlab chiqqanimizda, davlat tili qozoq tilining mamlakatda rivojlanishi va maqomini oshirish, turli kasbiy sohalarda qo‘llanilishiga hissa qo‘shadigan, tarjima sohasini rivojlantirishga xizmat qiladigan ishlarni amalga oshirmoqchi edik. Qozoq tilida so‘zlashuvchi auditoriya (70%) va qozoq tilini o‘rganuvchilar uchun bizning loyihamiz sifatli resurslardan foydalanish imkonini beradi”.

Loyihani qay tarzda rivojlantirishni rejalashtiryapsiz?

Loyiha veb-sayti, deydi Marjan, 2019-yilda ishlab chiqila boshlandi. 2 yil davomida tarjimonlar so‘zlar bazasini qo‘lda tuzib kelishdi va hozirda sayt to‘liq ishlamoqda va foydalanishga tayyor.

Endi qizlar loyihani targ‘ib qilish ustida ish olib bormoqda. Loyiha hali moliyalashtirilmagan, biroq mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Marjanning so‘zlariga ko‘ra, “Tumaris.Tech” dasturida ishtirok etish doirasida jamoa yangi xodimni taklif qilgan va yangi xodim har doim yangi g‘oyalar olib keladi. Mehmonimiz tan olishicha, dasturda olgan bilimlari ularni mavjud kompaniya - tarjima agentligi faoliyatini o‘zgartirishga va joriy faoliyati haqida o‘ylashga ilhomlantirgan.

“Bizga Tumaris.Tech loyihasi juda yoqdi. U yerdagi ishtirokimiz tufayli biz harakatlar rejasini tuzdik, ko‘plab jarayonlarni ko‘rib chiqdik va qayta tashkil etdik. Treker Alena Tkachevaning maslahatlari ularga ayniqsa foydali bo‘ldi. Ular bizga sohamizdagi butun jarayonni yanada kengroq ko‘rishga imkon berdi. Loyiha tufayli yangi tanishlar orttirdik va startap haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Rada Islomovaning nutqi xodimlardan birining shaxsiy hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, garchi nutq startapga yo‘nalgan bo‘lsa-da, ishtirokchilarning nafaqat kasbiy ma’noda, balki shaxs sifatida ham o‘sishlariga ta’sir qildi.”

Marjan Qozog‘iston startap ekotizimiga qarab faol rivojlanayotganini, startapda yaxshi g‘oya bo‘lar ekan va inson nima bo‘lishidan qat’iy nazar ishlashga tayyor ekan, ertami-kechmi muvaffaqiyat albatta kelishini ta’kidladi.

“Insonda g‘oya bo‘lsa, uning kuch-g‘ayratga to‘lgan shijoati tog‘larni talqon qiladi, foydali ishga chanqoqligi bilan atrofdagilarni ham ruhlantirib yuboradi. Sohaga endi kirib kelayotganlar uchun men o‘zlariga ishonishlarini, ichki kuch, g‘ayrat va sabrga ega bo‘lishni, salbiy sharoitlarda ham sinmaslik uchun matonat tilayman. Hamfikrlardan iborat yaxshi jamoani toping, boshqalarning xatolaridan va tajribasidan o‘rganishdan qo‘rqmang. Izlaning, sinab ko‘ring va ishingizni seving. Albatta muvaffaqiyatga erishasiz!”

2022-10-18