Female startup: yetkazib berish muammosi startap ishga tushirishga qanday turtki bo’ldi

IT-Park o‘z obunachilarini “Tumaris.Tech” dasturida ishtirok etgan ayollar startaplari bilan tanishtirishda davom etmoqda. Bugun e’tiboringizga qozog‘istonlik Akmaral Yeskendir hamda u asos solgan “ADU24” loyihasini havola qilmoqchimiz.

Startap g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?

Akmaral 25 yoshda. Ruknimiz mehmoni yodga olishicha, loyiha yaratish g‘oyasi bir muammo tufayli paydo bo‘lgan.

“2018-yilda xorijiy marketplacedan mahsulot buyurtma qilgan edim. Uzoq vaqt yetkazib berish, tovarlarni almashtirish yoki qaytarish imkoniyati yo‘qligi kabi muammolarga duch keldim. Shundan so‘ng o‘ylab qoldim: mahalliy mahsulot yaratsam-chi? “ADU24” marketplace shu tariqa dunyoga kelgan.”

Loyiha jamoasi hozirda turli darajadagi 12 nafar mutaxassisni o‘z ichiga oladi, ishchilarning har birining o‘z hissasi va o‘rni bor.  

ADU24 - bu yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish va keng turdagi mahsulotlarni taklif qiluvchi universal mahalliy elektron tijorat platformasi. ADU24 ning boshqa marketplacelardan asosiy farqlaridan biri bu nafaqat sotuvchilar, balki xaridorlar uchun ham pul ishlash imkoniyatidir.

Startapingiz jamiyatga/insonlarga qanday foyda keltiradi?

Qozog‘istonda startap yo‘nalishi hozirda juda faol rivojlanmoqda, deydi Akmaral.

“Qozog‘istonda allaqachon inkubatorlar va akseleratorlar ishlamoqda, venchur investorlar bor. Ba’zi qozoq startaplari millionlab investitsiyalarni jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda bizning mamlakatda startap yo‘nalishi sezilarli o‘sish sur’atlarini ko‘rsatmoqda va ishonchim komilki, rivojlanish sur’ati bundan-da yuqoriga ko‘tariladi. Jamiyatga foyda keltiruvchi loyihalar qanchalik ko‘p bo‘lsa, butun startap sanoatida shunchalik ijobiy o‘zgarishlar bo‘ladi”.

ADU24 ning afzalliklari haqidagi savolga javob berar ekan, Akmaral loyiha elektron tijorat bozorini rivojlantirishga yordam berishini ta’kidladi.

“Bizning startapimiz jamiyat va odamlarga qanday yordam berishining bir qancha asosiy jihatlari bor. Biz elektron tijorat bozorini rivojlantiramiz va biznesni rivojlantirish va sotishni oshirish uchun samarali imkoniyatlarni taqdim etamiz. Eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratishdir”.

 Loyihani ishlab chiqishni qay tarzda rejalashtiryapsiz?

Akmaralning yodga olishicha, dastlabki bosqichda biroz qiyinchiliklar bo‘lgan.

“Hamma narsada eng qiyini boshlashdir. Investitsiyalarni jalb qilishda qiyinchiliklarga, kadrlar yetishmasligiga duch keldik. Ammo keyin ishimizni yo‘lga qo‘yib oldik. Hozirda loyihani ishga tushirish bosqichidamiz. 53 000 dollar sarmoya kiritdik va 12 ming dollari o‘z mablag‘imiz hisobidan. Ayni paytda “SEED” bosqichidamiz – ta’sischilar biznes modelini sinovdan o‘tkazmoqda va agar u istiqbolli bo‘lsa, u holda loyiha rivojlana boshlaydi va investorlarnining qiziqishi ortadi.”

Kelajakda loyihaning ulkan maqsadlari bor - bozorga kirish va brendni yanada rivojlantirish, keyin esa yiliga 900 million tengedan ortiq sotish.

Akmaralning qayd etishicha, startaplarning afzalliklari bor.

“Startaplar moslashuvchan bo‘lishi mumkin. Jamoa kichik bo‘lgani uchun mahsulot ustida tezroq ishlash, olingan fikr-mulohazaga qarab uning rivojlanish yo‘nalishini o‘zgartirish mumkin. Bundan tashqari, har qanday startap uchun mablag‘ yig‘ish imkoniyatlari mavjud”.  

Yangi startapchilar uchun Akmaral birinchi navbatda yaxshi jamoa topishga e’tibor berishni maslahat beradi.

“IT sohasida eng muhimi bu odamlardir. Ular mahsulotning drayverlari. Loyihangizni yaratish, targ‘ib qilish va boshqarishga qodir bo‘lgan birinchi darajali jamoani toping. Mijozlar, investorlar, hamkorlar bilan munosabatlarga jiddiy yondashing. Hamma narsa hujjatlashtirilishi kerak. Qaysidir bosqichda, hattoki sizni "chuv tushirishlari" ham mumkin. Bu biznes bo‘lganligi uchun shunday ehtimol mavjud, unga tayyor bo‘lish kerak. Hamkorlarning har kimga tegishli bo‘lgan qismlarni oldindan taqsimlang, buni shartnomalarda aks ettiring. Investorlar bilan ham, ulardan pul olishdan oldin hamma narsani oldindan bilib oling.”

2022-09-15