Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibragimov MENA mintaqasi mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan oʻzbekistonlik tadbirkorlar — “FOM Group” asoschisi Murat Maxkamov va “GreenWhite Solutions” asoschisi Abduqahhor Toshmuhamedov bilan uchrashuv oʻtkazdilar.
Suhbat davomida mintaqada biznes yuritishning oʻziga xos xususiyatlari, kompaniyalar erishgan yutuqlar va duch kelayotgan qiyinchiliklari, shuningdek, Oʻzbekiston IT-ekotizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. BAA, Irlandiya, Singapur va boshqa yetakchi mamlakatlarning erkin iqtisodiy zonalari tajribasini inobatga olgan holda ishlab chiqilayotgan “Enterprise Uzbekistan” tashabbusiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston IT-kompaniyalarining mintaqadagi yutuqlari
Dorixona biznesini avtomatlashtirishga ixtisoslashgan “FOM Group” Dubaydagi 400 dan ortiq dorixonani oʻz tizimiga ulagan va hamkorlar tarmogʻini faol ravishda kengaytirishda davom etmoqda.
Kompaniya, shuningdek, Saudiya Arabistoni erkin iqtisodiy zonasida savdo litsenziyasini qoʻlga kiritdi va mamlakatning davlat boshqaruv organlari bilan integratsiyalashuv jarayonini boshladi. Yaqin kelajakda global farmatsevtika maʼlumotnomasini ishga tushirish rejalashtirilgan boʻlib, u dori-darmonlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yigʻuvchisiga aylanadi va nafaqat ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlarga, balki oddiy foydalanuvchilarga ham dori-darmonlarni maqbul narxlarda topish va xarid qilishga koʻmaklashadi.
Oʻz navbatida, “GreenWhite Solutions” korporativ mijozlar uchun oʻz mahsulotlarini joriy etish maqsadida Saudiya Arabistoni bozorini oʻrganmoqda. Kompaniya mintaqani strategik muhim yoʻnalish sifatida baholaydi va mamlakat bozorida talab yuqori boʻlgan yechimlarni yaratish ustida ishlamoqda.
Muhokamada Oʻzbekiston IT-kompaniyalarining MENA mintaqasidagi istiqbollari va ularning yanada oʻsish salohiyati taʼkidlab oʻtildi. Uchrashuv ishtirokchilari Oʻzbekistonning IT-biznesni rivojlantirish va uning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini eʼtirof etib, hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.
2025-02-17