Keyingi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi o’rniga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar ta’limiga qaratilgan turli loyihalar yaratilmoqda, trening va mahorat darslari hamda ko’plab boshqa ahamiyatga molik tadbirlar tashkil etilmoqda.
IT sohasi ham bundan mustasno emas. Mamlakatimizda ayol-qizlarni axborot texnologiyalariga jalb etish bo‘yicha loyihalar yaratilmoqda, ayollar ham bu sohada o’z o’rnini topa olishini ko‘rsatishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan IT Park bilan hamkorlikda tashkil etilgan “GAP” ayollar IT-klubi ana shunday loyihalardan biridir.
“GAP” loyihasi ayollarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb etishga qaratilgan. Klubning vazifasi ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning IT-savodxonligini oshirish hamda IT sohasida malaka oshirish va ishga joylashish imkoniyatlarini yaratishdan iborat.
Klub doirasida Toshkentda ikkita uchrashuv oʻtkazilgan bo‘lib, unda qizlar va ayollar IT sohasidagi muvaffaqiyatlari haqida so‘zlab berishdi va taklif etilgan mehmonlarni o‘z namunalari bilan ilhomlantirishdi. Uzoq kutilgan uchinchi uchrashuv 8-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi – bu safar loyiha hamkori O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi bo‘ldi.
Faoliyat geografiyasini kengaytirish maqsadida tadbir Toshkent viloyatiga ko‘chirildi – yig‘ilish Chirchiq shahar BPO markazida bo‘lib o‘tdi.
Klub bu gal frilanserlik yo’nalishi va uning imkoniyatlariga bag'ishlandi. Yig‘ilishning rasmiy qismida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining yoshlar va ayollarni IT sohasiga jalb etish, shuningdek, O‘zbekistonni mintaqaviy IT xab sifatida targ’ib qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Kamola Sobirova , shuningdek, Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Zuxra Mirgaziyeva so’zga chiqdi.
So‘ngra dastur doirasida Makpal Nodirova, Xojarbu Xaitmetova, Fazliddin Tajibayev so‘zga chiqdilar.
Makpal Nadirova – Chirchiq IT Markazi menejeri. U mehmonlarga BPO yo‘nalishi va uning afzalliklari, shuningdek, frilansdagi tajribasi haqida gapirib berdi.
Frilanser va veb-saytlar yaratuvchisi Xojarbu Xaitmetova o‘z ma’ruzasida ish tajribasi bilan boʻlishdi va mashhur frilans-platformalar haqida gapirdi. U dasturlash hayotning barcha jabhalariga qanday taʼsir koʻrsata olishi va yaxshilashi mumkinligiga eʼtiborni qaratishga harakat qildi, chunki dasturlashda siz oʻz bilimlaringizni bir soha yoki yoʻnalish bilan cheklanib qolmasdan, oʻzingizga qiziq boʻlgan sohada qoʻllashingiz mumkin.
“Dasturlashda har doim yangi yoʻnalishlar va texnologiyalar ishlab chiqiladi va dasturchi xamisha oʻz ustida ishlab, kasb nuqtai nazaridan yanada rivojlanadi. Bu esa insonning oʻziga boʻlgan ishonchini oshiradi hamda daromadini yanada oshishiga sabab boʻladi. Bu sohada ishlash hammaning qoʻlidan keladi. Buning uchun faqatgina hozirdan kasblarni oʻrganib, oʻzingizga qulay boʻlgan sharoitda faoliyatiningizni boshlasangiz boʻldi” – deb taʼkidladi qiz.
Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi mutaxassisi Fazliddin Tajibayev klub a’zolariga elektron tijorat, yirik saytlarda sotish usullari hamda eBay va Amazon’dan qanday foydalanish haqida gapirib berdi.
“Hududlarda aksariyat ayollarimiz uy sharoitida tikuvchilik va bichuvchilik ishlari bilan shugʻullanishga imkoni bor. eBay va Amazon kabi yirik xalqaro platformalari orqali esa ushbu ayollar mahsulotlarini jahon elektron tijorat bozorlariga olib chiqishi mumkin. Bu borada nimalarga eʼtibor berish kerakligi haqidagi prezentatsiyam bugungi uchrashuv ishtirokchilariga foydali boʻlib, kelgusida ular elektron tijorat yoʻnalishida oʻz mahsulotlarini raqamli texnologiyalardan foydalangan holda daromadlarini oshirishadi deb umid qilaman”, – dedi Fazliddin.
Dasturning norasmiy qismida ishtirokchilar uchun o‘tgan safargidek sport tadbirlari – estafeta va stol tennisi musobaqalari tashkil etildi.
2022-10-08