8-oktyabr kuni “GAP” ayollar IT-klubining uzoq kutilgan uchinchi uchrashuvi bo'lib o'tadi. Bu gal klub geografiyasini kengaytirish maqsadida tadbir Toshkent viloyatiga ko‘chiriladi – yig‘ilish Chirchiq shahar BPO markazida bo‘lib o‘tadi.
Uchinchi yig'ilish frilanserlik faoliyati va uning imkoniyatlariga bag'ishlanadi. Tadbir soat 10:30da boshlanadi. Yig‘ilishning rasmiy qismida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova yoshlar va ayollarni IT sohasiga jalb qilish, shuningdek, O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xab sifatida targ‘ib qilishga bag’ishlangan nutq bilan so’zga chiqadi.
Uchrashuv ishtirokchilari, bundan tashqari, quyidagi ma'ruzalar bilan chiqishlari kutilmoqda:
- Chirchiq IT markazi menejeri Makpal Nadirova BPO yo‘nalishi, uning afzalliklari, shuningdek, frilanserlik tajribasi haqida gapiradi;
- Xojarbu Hayitmetova - frilanser, veb-sayt ishlab chiquvchi muhandis, o'z tajribasi bilan o'rtoqlashib, mashhur frilans saytlari haqida so’z yuritadi;
- Fazliddin Tojiboyev, Raqamli iqtisodiyot tadqiqot markazi mutaxassisi. U elektron tijorat, yirik saytlarda savdo maydonlarida sotish hamda eBay va Amazondan foydalanish usullari haqida so'z yuritadi.
Dasturning norasmiy qismi, xuddi o'tgan safargidek, sport tadbirlarini o'z ichiga oladi.
Uchrashuvga 7-oktabrgacha quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin:
https://it-gap.uz/registration?id=8
O'rinlar soni cheklangan!
Eslatib o'tamiz, “GAP” IT klubi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan IT Park bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Bu safar O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi ham loyihaning hamkori sifatida ishtirok etdi. Loyiha ayollarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb qilish maqsadida yaratilgan. Klubning asosiy maqsadi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning IT-savodxonligini oshirish, IT sohasida o‘qitish va ish bilan ta’minlashdan iborat.
2022-10-04