Germaniyaning Iqtisodiyot va tashqi savdoni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Federal uyushmasi (BWA) vakili IT Park’ga tashrif buyurdi

Joriy yilning 15-iyul kuni IT Parkda Germaniyaning Iqtisodiyot va tashqi savdoni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Federal uyushmasi (BWA) vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hamkorlik qilishga oid masalalar muhokama qilindi.


Tadbirda IT Park xalqaro faoliyati bo‘yicha direktor o‘rinbosari Bahodir Ayupov, IT Park bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatishga o‘z qiziqishini bildirgan Germaniyaning Iqtisodiyot va tashqi savdoni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Federal uyushmasining (BWA) hukumat bilan aloqa qilish bo‘yicha direktori Urs Unkauf ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida IT Park va Germaniyaning Iqtisodiyot va tashqi savdoni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Federal uyushmasi (BWA) faoliyati haqida taqdimot o‘tkazildi. Xususan, Urs Unkauf COVID-19 pandemiyasi tugagandan so‘ng IT Park vakillari Germaniya va Federal Ittifoqga tashrif buyurib, hamkorlik masalalarini batafsilroq muhokama qilishlariga qiziqish bildirdi.  Qolaversa, Germaniyadan kelgan mehmon uchun IT Park bo‘ylab kichik ekskursiya tashkillashtirildi.

Tadbir natijasiga ko‘ra har ikkala tomon qo‘shma ishlar va loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirishdi. Bu kabi uchrashuvlarni o‘tkazib turish IT Park’ga chet el kompaniyalari va tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga imkon beradi. Va bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirishga ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.


Germaniyaning Iqtisodiyot va tashqi savdoni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Federal uyushmasi qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, universitetlar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, faoliyatning turli sohalaridagi tadbirkorlar va rahbarlarni qo‘llab-quvvatlash orqali milliy va xalqaro iqtisodiyotni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga harakat qiladi.

2021-07-17