"Har jabhada sharqona kamtarlik seziladi" - "Exadel" bosh dasturchisi Marat Bayburin Toshkentdagi hayot haqida

IT Park O‘zbekistonga yashash va ishlash uchun ko‘chib kelgan IT-mutaxassislari haqida hikoya qilishda davom etmoqda. Bu safar biz Exadel kompaniyasining yetakchi dasturchisi Marat Bayburin bilan suhbatlashdik. 

Exadel 20 yildan ortiq tajribaga ega xalqaro IT kompaniyadir. Kompaniya konsalting va strategiyani shakllantirishdan tortib, ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan to‘liq xizmatlarni taqdim etadi. 

Marat IT sohasida 20 yildan ortiq faoliyat yuritib keladi. U 2020 yilda "Exadel"ga jamoa rahbari sifatida qo‘shilgan.

Hozirda Maratning yuqori malakali yetakchi dasturchi sifatidagi vazifalari loyihani ishlab chiqishning birinchi bosqichidan, to sinov va texnik yordamning yakuniy bosqichlarigacha muvofiqlashtirishni o‘z ichiga oladi.

— Marat, aynan O‘zbekistonni tanlashingizga nima turtki boldi?

— Men Rossiyada vakolatxonasiga ega xalqaro kompaniya bilan hamkorlik qilar edim. Moskvada ofis o‘z faoliyatini to‘xtatdi, ammo menga boshqa mamlakatlardagi ofislarda hamkorlik qilishni taklif qilishdi. Polsha, Vengriya, Gruziya, Armaniston va O‘zbekiston kabi variantlar bor edi. Yevropa mamlakatlarida hozirda ba’zi viza to‘siqlari mavjud, Gruziya va Armanistonda esa relokantlar oqimi haddan tashqari yuqori. O‘zbekiston eng to‘g‘ri yo‘nalish bo‘lib ko‘rindi.

— Hujjatlar, uy-joy topish bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldimi?

- Yo‘q, jiddiy muammolarga duch kelmadim. Barcha masalalar juda tez hal qilindi. Men uy topish va ijaraga olish, ro‘yxatga turish hamda soliq hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam berish uchun rieltor yolladim. Barcha qog‘ozbozlik ishlari bir necha soatda hal etildi. Ofis yaqinida, rivojlangan infratuzilmaga ega zamonaviy hududdan uy oldim.  

— O‘zbekistonda qancha vaqt qolishni rejalashtiryapsiz?

- Sentyabr men uchun hal qiluvchi oy bo‘ladi, u kelajakdagi rejalarimni ham belgilab beradi.

-Mamlakat sizda qanday taassurot qoldirdi?

— Boshqa shaharlarga borishga ulgurmadim, lekin rejalashtiryapman. Mamlakatga kelishim Ramazon oyiga to‘g‘ri keldi va ko‘chada deyarli hech kim yo‘q edi. Hayron qolib, “nega hammayoq jim? Hamma qayerda?” deb o‘zimga o‘zim savol berdim. (kuladi) Hozir shahar ham, odamlar ham ancha faol.  

Men haydash madaniyati nisbatan past ekanligini payqadim, yo‘llar tartibsiz, tirbandlik yuqori.

Toshkent teleminorasidan shahar manzarasi. Maratning shaxsiy arxividan olingan sur’atlar

— Toshkent yoqtimi?

— Yoqmaslikning iloji yo'q! Taassurotlar ijobiy! Shahar ko‘kalamzor, gullarga burkangan, toza-ozoda. Ulkan chinorlar ko‘zni quvontiradi.

Iqlim ham yoqdi. Moskvadan uchib ketganimda u yerda qor yog‘ayotgan edi. Toshkentga yetib kelganimda bu yerda havo 25 daraja issiq, quyosh chaqnab turgan.

Mahalliy bozorlar va sotuvchilar meni o‘ziga jalb qildi.

— O‘zbek oshxonasi haqida fikringiz qanday?

- Mahalliy, sharq oshxonasidan kabob (shashlik), sho‘rva va somsani tatib ko'rdim. Menga tandirdan yangi uzilgan sho‘rvaligina somsa juda yoqdi. O‘zbek oshxonasi biz o‘rganib qolgan taomlardan sezilarli darajada farq qiladi. Bu yerda sirka, ziravorlar, ko‘katlar ko‘p ishlatilar ekan.

-Mahalliy aholi qanday taassurot qoldirdi?

- Ijobiy. O‘zbekistonliklar odamlar juda mehribon, ochiqko‘ngil va bag‘rikeng odamlar ekan. Sharqona kamtarlik har jabhada seziladi. Sharqona naqshlar bilan tikilgan yopiq milliy liboslarda ayollarni ko'rish o‘zgacha taassurot qoldirdi.

— Toshkentda qandaydir qiyinchiliklarga duch keldingizmi?

- Banklar ishidagi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sustligini aytmaganda hech qanday jiddiy muammo yoki qiyinchilikka duch kelganim yo'q.

“Kosmonavtlar” metro bekati. Maratning shaxsiy arxividan olingan sur’atlar

-Mamlakat haqidagi tasavvurlar va haqiqat qanchalik mos keladi?

- O‘zbekiston qoloq infratuzilmaga ega, unda shahar transporti yo‘qligi ko‘plab stereotip fikrlarni eshitganman.  Ayrimlar hatto Toshkentda metro borligiga va uning zamonaviy shahar ekanligiga shubha qilishadi.

— Ha, bu yerda odamlar haligacha tuya va eshakda yuradi degan fikrlar mavjud.

— Xuddi shunday (kuladi). Men ilgari Toshkentda bo‘lganman, shuning uchun qayerga ketayotganimni yaxshi bilardim. Aytishim mumkinki, men hamma narsadan mamnunman, bu yerda yashash va ishlash menga yoqadi.

— Qiziqarli vaziyatlarga duch keldingizmi?

— Qiziqarlisi, bozorda va taksilarda qat’iy belgilangan narxlar yo‘q. U faqat sotuvchining kayfiyati hamda sizning savdolashish istaginggiz bilan bog‘liq (kuladi).

— Doʻstlaringizga Oʻzbekistonni tavsiya qilarmidingiz?

- Albatta! Mening tavsiyamga ko‘ra, bir necha kishi Oʻzbekistonga keldi.

— Bu yerdan oʻzingiz bilan nimani olib ketasiz?

— Faqat eng iliq xotiralar, ayniqsa, ushbu intervyu haqidagi xotiralarni (kuladi).

“Magic City” ko’ngilochar bog’i. Maratning shaxsiy arxividan olingan sur’atlar

2022-05-17