“Inqiroz davridagi oʻsish”: 2022-yil qay tarzda Oʻzbekiston IT sohasi uchun soʻnggi bir necha yil ichidagi eng muvaffaqiyatli yilga aylandi?

Dunyoda geosiyosiy inqiroz avj olayotgan bir paytda Ozbekiston IT sohasi oziga xos inqilobni boshdan kechirdi.

Buning uchun poydevor bir necha yil muqaddam qoyilgan edi, biroq aynan 2022-yilda mamlakat Markaziy Osiyoning IT xabi deb atalishiga shunchaki sozda emas, balki real manoda yaqinlashdi.

Oddiy misol, yil boshida IT-xizmatlar eksportini 100 million AQSh dollariga yetkazish maqsad qilingan edi, ammo natijalar kutilgandan yaxshiroq boldi. Ko‘rsatkich 140 million dollarga yetdi.

Yana bir misol – IT-eksportchilar soni. Xususan, 2021-yilda ular 104 tani tashkil etdi. Bir yil ichida ushbu ko‘rsatkich ikki barobarga oshishi ko‘zlangan edi, ammo natija o‘laroq uch baravarga o‘sdi.

AQSh asosiy eksport bozoriga aylandi. Eksport umumiy hajmining 81% o‘zining yuqori sifat standartlari bilan mashhur bo‘lgan mamlakatga to‘g‘ri keldi.

Shu asnoda, 2022-yilda ham mahalliy, ham xorijiy IT-kompaniyalar, startaplar, investorlar, ta’lim va boshqa tashabbuslar soni ko‘paydi.

Mantiqiy savol tug‘iladi, “o‘sish sur’atlarining tezligi sababi nimada?”, “Nega aynan hozir?”. Ularga beriladigan javob ham aniq.

“Inqiroz - imkoniyatlar vaqti”

O‘zbekistonda IT-kompaniyalar uchun ekstraterritorial erkin iqtisodiy zona hisoblangan IT Park 2019-yilda tashkil etilgan edi.

Nok ham o‘zining to‘rtinchi yilida meva bera boshlaganidek, IT Park tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar ham o‘z samarasini bera boshladi.

Dunyoda yuzaga kelgan geosiyosiy inqiroz ushbu jarayonni sekinlashtirmadi, aksincha, uni bir necha barobarga tezlashtirdi.

Masalan, 2022-yilning bahorida IT Park IT-mutaxassislarni O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha “TashRush” nomli relokatsiya dasturini ishga tushirdi.

Qizig‘i shundaki, dastur bir necha oy davomida tayyorlanayotgan edi, lekin uning faol bosqichi Rossiya-Ukraina mojarosining boshlanishiga to‘g‘ri keldi, natijada ko‘plab rossiyalik IT mutaxassislari yashash joyini o‘zgartirishga qaror qilishdi.

“TashRush” bu shunchaki mamlakatga taklif qilish dasturi emas, yo‘q, bu yangi uy izlayotganlar uchun bepul xizmatlar majmuasidir.

Dastur sharofati bilan O‘zbekistonga 3000 dan ortiq xorijlik IT-mutaxassislar o‘zlari bilan yangi bilimlar, kompaniyalar, jamoalar va sarmoya olib kelishdi. O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi IT-kompaniyalar umumiy soni 89,8 foizga oshdi.

Natijalarni salmoqli deyish mumkinmi? Agar ikkinchi o‘rinda turgan savdo sohasidagi kompaniyalardagi o‘sish atigi 27,4 foizni tashkil etganini hisobga olsak, ha, shubhasiz.

“TashRush” bilan parallel ravishda IT Park O‘zbekiston hududiga uch yilgacha to‘siqsiz kirish va chiqish huquqini beruvchi “IT Visa” dasturini ishga tushirdi.

2022-yil oxirida vizani qo‘lga kiritish uchun 229 ta tavsiya berildi. Shu o‘rinda, ariza beruvchilar orasida nafaqat dasturchilar, balki menejerlar va investorlar ham bor edi.

Qolaversa, soliq xavfi yuqori bo‘lgan kompaniyalar toifasiga kirmasdan masofadan turib ishlash imkonini beruvchi “Virtual ofis” xizmati paydo bo‘ldi.

“OneStopShop” tamoyili bo‘yicha ro‘yxatga olish xizmatidan esa 100 dan ortiq kompaniyalar foydalanib ulgurdi.

Natijada 2022-yil oxiriga kelib IT Park rezident kompaniyalari soni ilk bor 1000 tadan oshdi.

Ulardan 151 tasi biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) bilan shug‘ullanadi. Bu esa alohida mavzu.

BPO – O‘zbekistonning potentsial yangi paxtasi

Ko‘pgina davlatlar IT Nation bo‘lishga harakat qildi. Biroq, Kremniy vodiysidan ko‘r-ko‘rona nusxa ko‘chirish muvaffaqiyat kalitiga aylanishi qiyinligini tushunganlargina olg‘a siljidi.

So‘z barcha sohalarni rivojlantirgan, ammo aynan bir sohaga raqobatbardoshlik borasida ustunlikka ega bo‘ladigan jabha sifatida e’tibor qaratgan mamlakatlar haqida bormoqda.

Masalan, Isroil bugungi kunda o‘zining medtech startaplari, Hindiston kod yozuvchi dasturchilari, Belarus o‘yin dasturchilari, Rossiya esa fintech mahsulotlari bilan mashhur.

O‘zbekiston misolida bu tamal toshi BPO, ya’ni biznes-jarayonlar autsorsingi bo‘ldi.

“Yangi paxta”ga aylanishi mumkin bo‘lgan xizmat o‘tgan yili 65,1 million dollar daromad keltirgan, bu esa, IT eksportining deyarli yarmini tashkil etadi.

Jumladan, 2022-yilda mamlakatda 17 ta BPO markazi ochildi, ularda 450 dan ortiq xodim faoliyat olib boradi.

BPO yo‘nalishini rivojlantirish o‘zini oqlaganligi sababli, IT Park hozirda Jahon banki bilan birgalikda “Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasi ustida ishlamoqda.

Bu O‘zbekistonga o‘zini dunyoga yangi autsorsing manzili sifatida ko‘rsatishga yordam berishi kutilmoqda.

IT Park mazkur ulkan maqsadga erishishda IT-ta’limni kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirishda davom etmoqda. Fikr tasdig‘i o‘laroq, 2022-yilda tarixiy voqea yuz berdi.

Ilk Onlayn Universitet va IT4Women

O‘zbekistonda islohotlar boshlanishi bilan universitetlar soni keskin ko‘paydi. O‘tgan yili mamlakat tarixida ilk onlayn universitet paydo bo‘ldi.

Gap dunyodagi yetakchi maxsus dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchilardan biri, S&P 500 aʼzosi EPAM bilan hamkorlikda yaratilgan oliy taʼlim muassasasi IT Park University haqida ketmoqda.

2022-yilda universitetga 399 kishi o‘qishga kirdi, shundan 84 foizi bakalavr bosqichiga hujjat topshirdi. Qolgan 16% esa IT asoslarini o‘rganishdan boshlashga qaror qildi.

2023-yilda IT Park University eng ilg‘or talabalarning birinchi guruhini Litva, Latviya va Polshaga yuborish orqali xalqaro amaliyot dasturini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston IT-ta’limni rivojlantirar ekan, ko‘plab mamlakatlarga tanish bo‘lgan muammo, gender tengsizlikka duch keldi.

Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida IT Park 2022-yilda bir nechta tashabbuslarni ilgari surdi:

● IT Women - Karakalpakstan: USAID bilan Qoraqalpog‘istondagi ayollar va qizlar uchun qo‘shma trening dasturi doirasida 60 nafar ayol-qizlarimiz uchun grafik dizayn va SMM bo‘yicha bepul treninglar tashkil etildi.

● Skills4Girls: UNICEF bilan 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar, jumladan, turli nogironligi bo‘lgan qizlar uchun IT bo‘yicha qo‘shma trening loyihasi. Dastur doirasida 214 nafar ishtirokchi, jumladan, 70 nafar imkoniyati cheklangan qizlar o‘qitildi.

● GAP: Ayollar IT klubi. Ushbu klub a’zolari o‘zaro fikr almashishi, tanishlar orttirishi va hamkorlik uchun hamfikrlarni topishi mumkin bo‘lgan ayollar uchun muloqot platformasiga aylanib bormoqda.

● Digital Internship Program: IT bo‘yicha bitiruvchilar va boshlang‘ich bosqichdagi yosh mutaxassislar uchun amaliyot dasturi. Uning doirasida 23 nafar qiz ishga joylashdi.

Ushbu va boshqa dasturlar IT sohasiga ko‘proq ayollarni jalb qilish, IT faqat erkaklar uchun mo‘ljallangan qabilidagi stereotip fikrlardan xalos bo‘lish imkonini beradi.

“Intilganga tole’ yor”

IT Park 2022-yilda salmoqli ishlarni amalga oshirdi, ammo 2023-yilda yanada ko‘proq vazifalar belgilangan, jumladan:

● rezidentlar eksporti hajmini 300 million dollargacha oshirish;

● Coursera platformasida 1,2 million kishi uchun o‘quv treningi tashkil etish;

● ta’lim muassasalarini rag‘batlantirish dasturini joriy etish;

● va boshqalar.

Eng muhim o‘zgarishlardan biri rezidentlar faoliyatini kengaytirish bo‘ladi.

Misol uchun, bozorda grafik, web, 3D va motion dizayn bo‘yicha mutaxassislarga talab ortib borayotgani sababli, ijodiy industriya ham soha sifatida siraga kelib qo‘shiladi.

O‘zbekiston mintaqaviy xab sifatida shakllanayotganligi sababli xorijiy kompaniyalar uchun Moliyaviy texnologiyalar markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yil ilk marotaba umumiy mukofot jamg‘armasi 1 000 000 AQSh dollarini tashkil qiluvchi “President Tech Award” startaplar tanlovi o‘tkaziladi.

Bu keyingi 10 oyga rejalashtirilgan asosiy yo‘nalishlar xolos.

2022-yilda O‘zbekiston noaniqlik sharoitida olg‘a siljishga muvaffaq bo‘ldi.

2023-yilda erishilgan yutuqlar shunchaki omadli tasodif emasligini isbotlash lozim. Bu esa yanada qiyinroq vazifa.

Muallif: Timurmalik Elmuradov

Muallif haqida ma’lumot:

Timurmalik Elmuradov — tahlilchi, R&D mutaxassisi, “Oliy iqtisodiyot maktabi” tadqiqot universiteti magistri.

“Skartaris cho‘qqisi (https://t.me/skartariss)” - O‘zbekistondagi biznes, bozor va texnologiyalar haqidagi yetakchi Telegram-kanal muallifi.

“Univer Club Family” (Rossiya) kompaniyalar guruhi, Daryo.uz internet nashrida rivojlanish uchun mas’ul bo‘lgan, Spot.uz sayti sobiq rahbari va ta’sischisi.

2023-03-06