Hozirgi kunda qizlar hali ham axborot texnologiyalari sohasi ayollar uchun emas, degan eskirgan stereotiplarga duch kelishmoqda. 20 yoshli Yevgeniya Subbotina bu afsonalarni faol ravishda yoʻq qiladigan va IT sohasidagi muvaffaqiyat jinsga bogʻliq emasligini isbotlovchilardan biridir.
Yevgeniya Toshkentda tugʻilgan, Moskvada tahsil olgan va bir muddat Germaniyada yashab, ishlagan. Hozirda u Uzum xoldingida android dasturchisi.
IT Park uchun bergan intervyusida Yevgeniya IT sohasida gender tengligi haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi, shuningdek, texnologiya olamidagi yoʻli va kelajakdagi rejalari haqida gapirib berdi.
Toshkentdagi 60-maktabda informatika fani oʻqituvchim Sergey Aleksandrovich Krilov meni va boshqa koʻplab oʻquvchilarni dasturlashga jalb qila oldi. Uning rahbarligida maktabimizda informatika boʻyicha toʻgarak tashkil etilgan va uning barcha ishtirokchilari davlat olimpiadalarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritishgan.
Keyin men RWTH Aachen (Germaniyaning Axen shahridagi Texnika universiteti) amaliy informatika fakultetiga oʻqishga kirdim va u yerda bir yil tahsil oldim. Hozirda Moskva Oliy iqtisodiyot maktabida dasturiy taʼminot muhandisligi boʻyicha oʻqiyman va Uzum Technologies kompaniyasida ilovaning yangi funksiyalarini ishlab chiqish, tuzilmalarni avtomatlashtirish va boshqalar bilan shugʻullanaman.
Uch yillik faoliyatim davomida men turli kompaniyalarda, jumladan, autsorsing loyihalarida ishlashga muvofiq boʻldim. Har bir vazifa qiziqarli boʻlib, meni mutaxassis sifatida rivojlantirdi. Germaniyada paytim nemis startapida Flutter tilida dasturlash bilan shugʻullandim. Hamkasblar va mijozlar bilan chet tilida muloqot qilish men uchun ajoyib tajriba boʻldi.
Oʻtgan yili, VK kompaniyasida ishlaganimda, “Marusya” ovozli yordamchisini jamoaviy ishlab chiqishda ishtirok etdim. Bu meni juda ilhomlantirdi. Oʻshanda ovoz va video bilan ishlashni yoqtirishimni va bu meni dasturchi sifatida qiziqtiradigan sohalardan biri ekanligini angladim.
Bu davrda meni Sochi shahridagi iqtidorli yoshlarni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashga ixtisoslashgan “Sirius” Fan va texnologiya universitetiga oʻqituvchi sifatida taklif qilishdi.
Endilikda yirik mahsulot kompaniyalarida ishlashni afzal koʻraman. Bir necha yil ichida men middle+ dasturchiga aylandim. Bu yil senior darajasiga chiqishga harakat qilaman. Kelajakda jamoa yetakchisi (team lead) boʻlish uchun boshqaruv koʻnikmalarini rivojlantirishni rejalashtirganman.
Mening sohamda oʻzgarishlar juda tez sodir boʻladi, shuning uchun Android-ning barcha versiyalarini tushunish kerak, bu ish vaqtida foydali boʻladi. Men doim yangi texnologiyalarga ochiqman, afsuski, yirik mahsulot kompaniyalarida har doim ham turli freymvorklarni sinab koʻrish va yangi oʻzgarishlarni birinchilardan boʻlib sinovdan oʻtkazish imkoniyati mavjud emas. Bunday yechimlarni amalga oshirish tashkilotning turli darajalarida kelishuvlarni talab qiladi.
Yangi ishlanmalar ichidan meni aqlli ovozli yordamchilar va virtual reallik qiziqtiradi. Ishonchim komilki, yaqin kelajakda bu texnologiyalar keng koʻlamda qoʻllaniladi.
Tarixdan bilamizki, Ada Lavleys ikkilik kodni yaratgan, birinchi dasturni yozgan va dasturlashga asosiy tushunchalarni kiritgan ayoldir. Shunga qaramay, baʼzilar haligacha texnik sohalar ayollar uchun emas degan eʼtiqodga ega.
Men IT sohasidagi ayollar bilan bogʻliq koʻplab soʻrovlar va tadqiqotlarda ishtirok etganman. Baʼzi qizlar hanuzgacha ota-onalari tomonidan eʼtiborsizlik va ijtimoiy bosimga duch kelishmoqda.
Mening onam ham odamlar bilan muloqot qilmaydigan va beparvo boʻlgan koʻplab stereotipik dasturchilar bilan birga zerikarli ofisda oʻtirishimdan qoʻrqardilar.
Aslida, dasturlash sohasida va ilgʻor yirik kompaniyalarda gender tengsizlik va mutaxassislarni jins boʻyicha baholash qisman bartaraf etilgan. Bu oldinga qoʻyilgan katta qadam.
Biz tez-tez ayol mutaxassislarning ijobiy misollarini koʻrib, ayollarning IT sohasida hech qanday muammosi yoʻq degan xulosaga kelamiz. Ammo, menimcha, bu “omon qolganning xatosi”, chunki biz stereotiplar va oʻziga boʻlgan ishonchsizlikni yengib oʻtolmagan qizlar haqida bilmaymiz.
Men qizlar va ayollar bilan koʻp ishlayman, ularning har birining muvaffaqiyati meni ilhomlantiradi. Umuman olganda, foydalanuvchilarning hayotini yaxshilashga intilayotgan har bir dasturchidan ilhomlanaman.
Shuningdek, gender kvotalarining joriy etilishi ushbu mavzu atrofida qizgʻin muhokamalar mavjudligiga qaramay, jahon amaliyotida oʻz ifodasini topgan ijobiy qadam, deb hisoblayman.
Biolog Enn Fausto-Sterling dasturlash sohasidagi ayollarning past foizi miyaning biologik xususiyatlari yoki genetikasi bilan bogʻliq emasligini isbotladi. Toʻgʻrirogʻi, bu hal qilinishi kerak boʻlgan ijtimoiy muammo. Asosiysi, tarafkashlik va hali ham mavjud afsonalarni yoʻq qilishdir.
Mening kasbiy doiramdan tashqarida, IT sohasidagi ayollar haqida koʻplab stereotiplar mavjud. Shunga qaramay, ish joyida meni boshqa xodimlar kabi bir xil qabul qilishadi. Men oʻz qobiliyatlarim haqidagi ochiq shubhalarga duch kelmadim.
Kasbiy fazilatlarga kelsak, jamoada samarali ishlash va boshqa odamlar bilan muloqot qilish uchun ishonchli va yaxshi muloqot qobiliyatlariga ega boʻlish juda muhimdir. Vaqtingizni oqilona boshqara olishingiz kerak. Albatta, oʻz sohangizda ham chuqur bilimga ega boʻlishingiz zarur.
Bundan tashqari, iloji boricha koʻproq ixtisoslashgan tadbirlarda qatnashishga, ish va hayot muvozanatini saqlashga, toʻxtamaslik va iloji boricha koʻproq savollar berishga harakat qilish kerak. Agar kerak boʻlsa, yordam soʻrashdan uyalishning hojati yoʻq.
2023-08-23