Agar inson zoʻr IT-mutaxassis boʻlishni xohlasa, hatto qoʻrquv va shubhalar ham uni toʻxtata olmaydi. Buni Nukus tumanidagi IT Markazi menejeri Niyetulla Abdullayev o‘z misolida isbotladi.
Niyetulla 24 yoshda. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialining “Kompyuter injiniringi” fakultetini IT-servis yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.
Hikoya qahramoni tan olganidek, u bolaligidan texnika va robototexnikaga ishtiyoqi bor edi.
“Bolaligimdan robototexnikaga mehr qoʻygan boʻlsam-da, IT sohasiga qiziqish va ushbu yoʻnalishni oʻrganish imkoniyati 22 yoshimdagina paydo boʻlgan. Men IT sohasi haqida juda noaniq tasavvurga ega edim. Nazariya – bir narsa, lekin amalda nimalar sodir boʻlishini tasavvur qilish qiyin. Aytishim mumkinki, meni hali nimalar kutayotganini toʻliq tushunmay turib, ITʼga butunlay shoʻngʻidim. Albatta, dastlab shubhalar bor edi, chunki menda savdo sohasida barqaror ishim bor edi. Ammo men dasturlash tillarini hamda umuman IT yoʻnalishini oʻrganishni boshladim va nimani yoqtirganimni angladim”.
Darhaqiqat, barcha umidlar oqlandi: ishning tez surʼati, koʻplab tadbirlar va doimiy rivojlanish, jiddiy loyihalar, yoqimli muhit – bularning barchasini u IT sohasida topdi.
2021-yildan boshlab Niyetulla rasmiy ravishda mobil robototexnika boʻyicha mentor sifatida faoliyatini boshladi.
“Qisqa muddatli oʻqituvchilik faoliyatim davomida kurslarimni ikki guruh tamomladi. Men bilim berishni juda yaxshi koʻrishimni tan olaman. Bolalar ajoyib fantaziyaga ega va ular bilan ishlashda men shunchalik energiya, ijobiylik va ilhom olamanki, hatto togʻlarni siljitishga tayyorman!”
Aytgancha, u nafaqat yosh daholardan ilhom oladi. Niyetullaning aytishicha, qiyinchiliklar – uning ishidagi eng katta motivatorlardan biri.
“Mening sohamda real datchiklar bilan ishlash juda muhim, ammo bunday imkoniyat deyarli yoʻq. Oʻylaymanki, umidsizlik meni katta yutuqlarga va yangi layfxaklarga undadi. Bu chiniqtiradi va agar inson haqiqatan ham xohlasa, hamma narsani qila olishini his qiladi”.
Niyetullaning oʻzi hamma narsani qila olishiga shubha yoʻq. Yosh dahoning orqasida ulkan gʻalabalar roʻyxati. 2019-yilda u turli mamlakatlar vakillari ishtirok etgan “Union X” xalqaro konferensiyasining delegati edi. Konferensiya yosh avlod uchun global va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bilan shug‘ullanuvchi eng yirik va nufuzli tashkilotlarni modellashtirish platformasi bo‘lib xizmat qiladi.
“Biz konferensiyalarni oʻyin formatida oʻtkazdik, bu bizga boshqa ishtirokchilar bilan oson doʻstlashishga va umumiy til topishga yordam berdi. Mazkur konferensiya 9 ta xalqaro tashkilot va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining simulyatsiyasi hisoblanadi. Ushbu konferensiyaning asosiy maqsadi – yoshlarni xalqaro huquq tamoyillari bilan yaqindan tanishtirish, ularning huquqiy ongi va salohiyatini yuksaltirish, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shishga loyiq avlodni tarbiyalash borasidagi sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishdan iborat”.
2021-yilda Niyetulla “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” tanlovining respublika final bosqichida ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari Agentligidan 10 million so‘m yutib oldi.
2022-yilda u “Texnologiya va iqlim o‘zgarishi boʻyicha ayollar uchun biznes-akkseleratsiya dasturi”da g‘olib bo‘lgan jamoaning aʼzosi edi. Bundan tashqari, Niyetulla Nukusda yoshlar uchun oʻtkazilgan “yashil” startaplar tanlovida qatnashib, gʻolib deb topildi va $2000 yutib oldi.
Hozirgi kunda Niyetulla oyiga 700 dollardan boshlab maosh oladi va o‘z misolida muvaffaqiyat tinimsiz mehnat qiladiganlarga kelishini isbotlamoqda.
2022-12-13