IT Park birinchi “One Million Uzbek Coders” laboratoriyasini ishga tushirdi

20-sentyabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida IT Park yoshlar sifatli va arzon IT ta’lim olishlari uchun qoshimcha sharoitlar yaratish maqsadida Qoraqalpogiston Respublikasi Bo‘zatov tumanida birinchi “One Million Uzbek Coders” laboratoriyasini ochdi.

Eslatib o‘tamiz, “One Million Uzbek Coders” – “Udacity” xalqaro kompaniyasining kurslariga asoslangan frontend va backend dasturlash, ma’lumotlarni tahlil qilish va mobil dasturlash boyicha bepul onlayn kurslarni taqdim etadigan IT Park’ning ta’lim loyihasidir. Loyihaning asosiy strategik hamkori - Birlashgan Arab Amirliklarida “One Million Arab Coders” loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirgan “Dubay Future Foundation” tashkiloti.

“One Million Uzbek Coders” laboratoriyasi IT kurslarda olingan bilimlarni samarali o‘zlashtirish uchun zarur kompyuterlar, uzluksiz elektr ta’minoti va simsiz Internet bilan jihozlangan. Talabgir kasblarni o‘zlashtirishga qiziqqan barcha ishtirokchilar laboratoriyaga tashrif buyurish va loyihada ishtirok etishlari mumkin.

Shu bilan birga, o‘quv jarayoni davomida talabalar o‘z mobil ilovalari, veb-saytlari va boshqa dizayn ishlarini onlayn kurslar doirasida amalga oshirishlarga axborot texnologiyalari sohasida yetakchi mutaxassis bo‘lgan tajribali murabbiylar yordam berishadi. Bundan tashqari, mentorlar tashrif buyuruvchilarning har biriga “One million Uzbek Coders” platformasida ro‘yxatdan o‘tish va to‘g‘ri yo‘nalishni tanlashga yordam berishadi. 

Ta’kidlash joizki, bu “One Million Uzbek Coders” doirasida eng birinchi laboratoriya. Ushbu loyiha rahbarlari tomonidan aholining keng qatlamlariga axborot texnologiyalari sohasida ta’lim berish maqsadida respublikamizning har bir hududida bir nechta shunga o‘xshash markazlarni ochish rejalashtirilgan.

 

“One Million Uzbek Coders” kurslariga mustaqil ravishda quyidagi havola orqali ro'yxatdan o'tishingiz mumkin: https://uzbekcoders.uz

 

Bunday o‘quv markazlarining ochilishi yosh avlod vakillari o‘rtasida kompyuter savodxonligi va axborot texnologiyalari hamda innovatsiyalar sohasini rivojlantirish jarayonlariga jalb etish darajasini oshiradi. “One Million Uzbek Coders” loyihasi rahbarlari yoshlarga kelajak kasbini o‘zlashtirishda yordam berishga intilmoqda, bu esa IT sohasini rivojlantirish, sanoatni raqamlashtirish va mamlakatimizning startap-ekotizimini shakllantirish sur’atlarini sezilarli darajada tezlashtiradi. 

2021-09-21