IT Park dastlabki «Inklyuziv biznes-forum»da ishtirok etdi

2021 yilning 23 noyabr kuni «Wyndham Tashkent» mehmonxonasida O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni inklyuziv bandlik amaliyotini targ‘ib qilish maqsadida birinchi «Inklyuziv biznes-forum» bo‘lib o‘tdi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma‘lumotlariga ko‘ra, 1 milliardga yaqin odam yoki dunyo aholisining 15 foizi turli nogironlikdan aziyat chekmoqda.  2020-yilda O‘zbekistonda 781,3 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs rasman ro‘yxatga olingan.  Ammo ularning atigi 2 foizga yaqini rasman ish bilan taʼminlangan.

«Inklyuziv biznes-forum» tadbiri nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat tashkilotlari va mahalliy tadbirkorlik sub’ektlarining harakatlarini turli shakldagi nogironligi bo‘lgan mehnatga layoqatli shaxslar uchun teng sharoitlar va to‘siqlarsiz mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha sa’y-harakat birlashtirishga qaratilgan.

Forum gibrid formatda – oflayn va onlayn rejimda o‘tkazildi.  Yirik, o‘rta va kichik biznesning mahalliy va xalqaro vakillari muvaffaqiyatli inklyuziv bandlik bo‘yicha o‘z tajribalari bilan boʻlishadilar.



 

Shuningdek, ishtirokchilar turli toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilish jarayonida duch kelayotgan muammo va qiyinchiliklarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.  Buyuk Britaniya, Rossiya va Qozog‘istondan kelgan mahalliy va xalqaro ekspertlar o‘zlarining inklyuzivlik tajribalari haqida gapirib, o‘z ko‘nikmalari va ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Mazkur forumda IT Park direktori o‘rinbosari Abdulaxad Qo‘chqorov so‘zga chiqib, aholining keng doirasini, jumladan, imkoniyati cheklangan insonlarni qamrab olgan «One Million Uzbek Coders» loyihasi haqida aytib oʻtdi.

 

«One Million Uzbek Coders» –bu onlayn platforma bo‘lib, unda IT sohasiga  qiziqadigan har bir kishi 4 ta yo‘nalish bo‘yicha kurs o‘tashi mumkin: frontend ishlab chiquvchi, fullstack, mobil ilovalarni ishlab chiqish va data-analitik.

Loyihaning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, kurslar mutlaqo bepul va ularni uydan turib onlayn rejimida o‘tash mumkin.  Shunday qilib, bu nogironlarga uylaridan chiqmasdan tegishli IT ko‘nikmalarini o‘rganish imkoniyatini beradi.

Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar, xususan, eshitish qobiliyati past shaxslar uchun «Fullstack» kursi to‘liq imo-ishora tiliga o‘girilganini, ya’ni ushbu kurs doirasida surdo-tarjimonlik yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash joiz.  Kelgusida «One Million Uzbek Coders» loyihasi doirasida qolgan kurslarni tarjima qilish rejalashtirilgan.

Qayd etish joizki, bugungi kunda O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan eshita olmaydigan va zaif eshituvchilarning umumiy soni 22 381 nafarni tashkil etadi.Toshkent shahrida 4000 dan ortiq eshitish muammosi bor fuqarolar bor.  Ayni paytda O‘zbekistonda 20 ta ixtisoslashtirilgan maktab mavjud bo‘lib, o‘quvchilarning bir qismi ixtisoslashtirilgan kollejlarga o‘qishga kiradi.

2020-yilgi statistik ma’lumotlarga qaraganda, ixtisoslashtirilgan kollejlarda o‘qishga qabul qilingan eshitish qobiliyati zaif va eshita olmaydigan bolalar soni 68 nafarni tashkil etdi.  Respublika bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarida atigi 32 nafar talaba tahsil oladi.  Asosiy muammo shundaki, bu bolalarning aksariyat qismi oliy maʼlumot olish imkoniga ega emas.

Ushbu muammoni hal qilish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi IT Park bilan hamkorlikda va National Information Society Agency (NIA) ko‘magida eshitish qobiliyati past bolalar uchun axborot texnologiyalari o‘quv markazini ochdi.  Ushbu markazda bolalar IT texnologiyalari bo‘yicha dolzarb va talab qilinadigan kasblarga o‘rgatiladi.  Ayni paytda markazda ikkita: «Grafik dizayn» va «Kompyuter savodxonligi va veb-texnologiyalari» yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan.

 Shuni qo‘shimcha qilamizki, axborot texnologiyalarining keng qamrovli sohasi – bu nogironlarning o‘zini namoyon qilishi, o‘z salohiyatini ochib berishi va bozorda talab yuqori bo‘lgan mutaxassis bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishdir.  IT sohasi hamma uchun ochiqdir.

2021-11-24