IT-Park direktori xalqaro konferentsiyada soʻzga chiqdi

2020-yil 18-fevral kuni “Oʻzbekiston Respublikasida davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichi, mamlakatni demokratik modernizatsiya qilishda Parlamentning va hokimiyat vakillik organlarining rolini oshirish” mavzusida boʻlib oʻtgan xalqaro anjumanda IT-Park direktori Farhod Ibragimov nutq soʻzladi.

Forum Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va Qonunchilik palatasi tomonidan “Yuksalish” milliy harakati va Konrad Adenauer jamgʻarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjumanda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, vazirlik va idoralar, sud hokimiyati, huquqni muhofaza qilish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, diplomatik vakolatxonalar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, Oʻzbekiston Respublikasining yetakchi konsalting kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.

This image has an empty alt attribute; its file name is 20200218122236_img_2344-1024x683.jpg

Farhod Zoirovich Oʻzbekistonda mamlakatimizni modernizatsiya qilish va raqamli iqtisodiyotni, umuman, axborot texnologiyalari sanoatini rivojlantirish uchun barcha zarur resurslar mavjudligini taʼkidlab oʻtdi, shuningdek ushbu rivojlanishning toʻrtta muhim tarkibiy qismini ajratib koʻrsatdi, bular: uzluksiz quvvat manbai va yuqori tezlikdagi Internet, zamonaviy infratuzilma, istiqbolli va raqobatbardosh kadrlar va xuddi shunday muhim boʻlgan – Oʻzbekistonning dunyodagi katta salohiyatga ega IT-mamlakat sifatidagi imidji va brendi.

U IT-Park faoliyatiga ham alohida toʻxtalib oʻtdi. “Biz oʻzimizning birinchi binomizni 2019-yil 24-iyulda ochdik va oʻsha vaqtdan buyon IT-Park eshiklari hali biror kun ham yopilgani yoʻq. Bizning rezidentlarimiz va xodimlarimiz IT-Parkda kuniga 24 soat, haftada 7 kun va yiliga 365 kun boʻlishlari mumkin. Bu boshqa mamlakatlarning vaqt zonalari boʻyicha ishlaydigan IT mutaxassislari uchun muhim jihatdir”,  – dedi Farhod Ibragimov.

IT-Park direktori rezidentlar uchun taqdim etilgan, IT-kompaniyalarga oʻz faoliyatini kengaytirish va moliyaviy xavflarni minimallashtirish imkonini beradigan soliq va bojxona imtiyozlari toʻgʻrisida ham maʼlumot berdi.

2020-02-18