IT Park: Dohada bo‘lib o‘tadigan “Web Summit Qatar” va “Uzbekistan Tech Conference” tadbirlarida ishtirok etish

Bosh direktor o‘rinbosari Jahongir Radjabov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan delegatsiyasi “Web Summit Qatar 2024” sammitida ishtirok etish va Doha shahrida “Uzbekistan Tech Conference” tadbirini o‘tkazish uchun amaliy tashrif bilan Qatar davlatiga tashrif buyuradi. Sayohatdan ko‘zlangan maqsad biznes aloqalarini mustahkamlash va Qatar kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilishdir.

Tashrif davomida delegatsiya O‘zbekistonning IT-biznesni yuritish uchun eng yaxshi yo‘nalish sifatidagi salohiyatini namoyish etish, shuningdek, Qatar ishbilarmon vakillari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini o‘rganish maqsad qilgan.

Tashrifning muhim tarkibiy qismi IT Park delegatsiyasining 26-29 fevral kunlari MENA mintaqasida birinchi marta bo‘lib o‘tadigan dunyodagi eng yirik texnologik konferensiya – “Web Summit Qatar 2024”da ishtirok etishi hisoblanadi.

“Web Summit Qatar” tadbiri 12 000 dan ortiq texnologiyalar sohasidagi mutaxassislar, 800 dan ortiq startaplar va 300 dan ortiq xalqaro investorlarni jalb qilishi kutilmoqda.

Sammit doirasida 28-fevral kuni soat 16:00 da O‘zbekistonning Dohadagi elchixonasida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan IT Park va O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan “Uzbekistan Tech Conference” bo‘lib o‘tadi. Konferensiyada Qatarning O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochishni rejalashtirayotgan texnologiya va xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan kompaniyalari uchun foydali imkoniyatlar, soliq imtiyozlari, preferensiyalar va IT Park qo‘llab-quvvatlash dasturlari taqdim etiladi.

Dohada bo‘lib o‘tadigan “Uzbekistan Tech Conference” tadbirida ishtirok etish uchun quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘ting: https://forms.gle/sCtZbUUP6JxrHmWn6

“Hozirda biz O‘zbekistonga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish bo‘yicha faol ish olib boryapmiz va Qatar bu borada biz uchun juda muhim hamkor hisoblanadi. Bu davlat MENA mintaqasidagi asosiy o‘yinchilardan biri bo‘lib, O‘zbekiston kompaniyalari bu mintaqaga allaqachon o‘z mahsulotlarini faol eksport qilmoqda. Ishonchimiz komilki, bizning tashrifimiz rezidentlarimiz eksport hajmini oshirish va xalqaro kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etishga xizmat qiladi”, – dedi Jahongir Rajabov. “Qatar ishbilarmon vakillari bilan uchrashuvlar va “Web Sammit” konferensiyasida ishtirok etish global maqsadimiz – O‘zbekistonni xalqaro IT-autsorsing markaziga aylantirish va 2030-yilga borib respublika IT-xizmatlar eksportini $5 milliardga yetkazish yo‘lidagi ko‘plab strategik qadamlardan biridir.”

2024-02-16