8-mart kuni “IT Park Uzbekistan”ga Germaniyaning Duvenbeck Gmbh kompaniyasi vakillari – bosh direktor Hakan Bichil va boshqaruvchi direktor Kristian Shvekxorst tashrif buyurishdi.
Mehmonlarni Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, IT Park direktori Farhod Ibragimov va RevoTech rahbari Nodir Turdimatov kutib oldilar.
Kun tartibida BPO sohasidagi potensial hamkorlikni muhokama qilish. Mehmonlarga IT Park faoliyati taqdim etildi, IT Park rezident kompaniyalari uchun yaratilgan imkoniyatlar va rezidentlarga berilayotgan imtiyozlar haqida so‘zlab berildi.
Uchrashuv davomida tomonlar xarajatlarni tejash, siyosiy barqarorlik, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va ko‘p tilli ishchi kuchi kabi masalalarini muhokama qildilar. Muloqot ishtirokchilari O‘zbekistonda biznes yuritish shartlarini ham muhokama qildilar. Xorijlik hamkasblar hukumatning axborot texnologiyalari sanoati hamda biznes-jarayonlari autsorsingini qo‘llab-quvvatlash va targʻib qilish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar.
Duvenbek bosh direktori kompaniyaning O‘zbekistonda vakolatxonasini ochishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Biroq, u yakuniy qaror qabul qilinishidan oldin boshqaruv aʼzolari bilan muhokama qilish kerakligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha, tomonlar boshqaruv majlisidan soʻng O‘zbekiston bozoriga kirish masalasini muhokama qilishni davom ettirishga kelishib oldilar.
Eslatib oʻtamiz, Duvenbeck Unternehmensgruppe – bu Duvenbeck kompaniyalar guruhi keng koʻlamli xizmatlarga ega xalqaro logistika kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya 8 mamlakatdagi 35 ta ofisida 6000 dan ortiq xodimga ega va Yevropadagi yetakchi logistika kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
1932-yilda Germaniyaning Bocholt shahrida tashkil etilgan Duvenbeck oʻzining 1500 dan ortiq yuk mashinasiga ega. Kompaniya logistika, yuk tashish, avtopark, transport, intermodal transport xizmatlari, xaridlar, ehtiyot qismlarni tarqatish, taʼminot, ishlab chiqarish va shartnoma logistikasi kabi sohalarida axborot texnologiyalarini boshqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning savdo hajmi $627 millionni tashkil etadi.
2023-03-09