IT Park filiallar rahbarlari tajriba almshish dasturi yakunlari

Toshkent shahrida joylashgan IT Park bosh ofisida hududiy filiallarning 12 nafar rahbari ishtirok etgan bir oylik tajriba almashish dasturi o‘z nihoyasiga yetdi. Ushbu tashabbus rahbarlarning kasbiy salohiyatini oshirish, filiallararo hamkorlikni muztahkamlash hamda, yagona korporativ madaniyatni shakllantirishga qaratilgan edi.

Dastur haqida qisqacha

Dastur davomida ishtirokchilar 20 dan ortiq o‘quv tadbirlarida qatnashdilar, jumladan, treninglar, amaliy seminarlar va taqdimotlar tashkil etildi. Mashg‘ulotlar quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oldi:

  • IT Park bosh ofisining asosiy bo‘limlari tuzilmasi va ularning vazifalari;
  • IT Park dasturlaridagi va mamlakat mehnat qonunchiligidagi so‘nggi yangiliklar;
  • Strategik muloqot, jamoani boshqarish va suhbat o‘tkazish kabi rahbarlik va kommunikatsiya ko‘nikmalarini rivojlantirish.

Amaliy tajribaga ham alohida e’tibor qaratildi. Filial rahbarlari bosh ofisning rezidentlar bilan ishlash, IT-xizmatlar eksporti, startap, venchur loyihalarni va mahalliy IT-xizmatlarni rivojlantirish hamda, softlending bo‘limlar va boshqarmalar mehnat jarayonlarida bevosita ishtirok etdilar. Bu kabi yondashuv ishtirokchilarga bosh ofisning ichki ish faoliyati bilan yaqinroq tanishish va soha mutaxassislari bilan bevosita tajriba almashish imkonini yaratdi.

Natijalar va takliflar

Dastur yakunida ishtirokchilar hududiy filiallar va bosh ofis o‘rtasidagi hamkorlikni yanada samaraliroq qilishga qaratilgan takliflarni ilgari surdilar. Shuningdek, ular o‘z hududlarida yangi o‘zlashtirilgan bilim va ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha rejalar bilan o‘rtoqlashdilar.

Mazkur dastur IT Park tarmog‘i doirasida kasbiy aloqalarni mustahkamlash, umumiy strategik qarashlarni uyg‘unlashtirish va yagona korporativ madaniyatni rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

2025-05-01