20-oktyabr kuni IT Parkʼda Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlariga sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos ishtirok etdi. U kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan mutaxassislarni tabriklab, mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari uchun kurslar tashkil etildi.
Dastur doirasida 29-sentabrdan 12-oktabrgacha respublika bo‘ylab 500 nafar Davlat bojxona qo‘mitasi xodimi IT Park filiallarida oʻqitildi.
Maqsad – bojxona xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, odob-axloq qoidalari, shuningdek, IT-texnologiyalar va telekommunikatsiyalar bilan ishlash masalalariga o‘rgatish.
Tantanali taqdirlash marosimidan soʻng Davlat bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, bojxona xizmati polkovnigi Ilhom Muxtarov hamda qoʻmitaning boshqa xodimlari yangi tashkil etilgan IT Park majmuasi bilan tanishdilar va ularga tashkilot rejalari haqida gapirib berdilar.
2022-10-21