IT Park IT-autsorsingni rivojlantirish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qiladi

30-31-may kunlari Shotlandiyaning Glazgo shahrida IT sohasining BPO yoʻnalishiga bagʻishlangan ixtisoslashtirilgan “CX OUTSOURCERS” konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Tadbirda IT Park Uzbekistan delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

“CX AUTSOURCERS” IT-autsorsing sohasidagi yetakchi kompaniyalar bilan uchrashuvlar va hamkorlik istiqbollarini o‘rganish imkoniyati uchun oʻziga xos maydon vazifasini bajaradi.

IT Park vakillari tadbir doirasida kompaniyalar va konsalting agentliklari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuv davomida tashkilot faoliyati, O‘zbekistonda biznes jarayonlari autsorsingi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan kompaniyalar uchun qanday afzalliklar mavjudligi haqida ma’lumot berildi.

Xususan, Kanadaning “Ryan Strategic Advisory” konsalting agentligi asoschisi Piter Rayan bilan muzokaralar davomida tomonlar uning marketing strategiyasini ishlab chiqish va xorijiy BPO kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish bo‘yicha maslahatchi bo‘lishiga kelishib oldilar.

AQShning tadqiqot, konsalting va texnologiyalarni strategik rivojlantirish hamda BPO yo‘nalishiga ixtisoslashgan “TrendzOwl” konsalting agentligi asoschisi Stiven Loynd bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda BPO yo‘nalishini rivojlantirishga ko‘mak beradigan konsalting xizmatlari sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Delegatsiya a’zolari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida vakolatxonalariga ega “Sigma Connected” Buyuk Britaniya BPO kompaniyasi bilan ham uchrashdi. Xorijlik hamkasblarga O‘zbekistonda maxsus vakolatlarga ega bo‘lish usuli hamda kompaniyalarga mamlakatda imtiyoz va ko‘mak qay tarzda berilishi haqida so‘zlab berildi.

Shuningdek, konferensiya davomida delegatsiya a’zolari “Covalen Solutions”, “VCosmos” va “Callzilla” kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. “Callzilla” rahbari O‘zbekistonda Microsoft mahsulotlaridan foydalangan holda BPO faoliyatini tashkil etish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.

Kompaniya kelajakda kengayish imkoniyati bilan Microsoft mahsulotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoasi uchun dastlab 25 kishini yollashni rejalashtirmoqda. Kelgusida tomonlar “Callzilla” kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish yo‘llari hamda bunda IT Park tomonidan beriladigan ko‘mak va rag‘bat masalalarini muhokama qiladilar.

2023-06-01