Prezident farmoniga muvofiq bir guruh faol va tashabbuskor davlat xizmatchilari hamda mamlakatimiz ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy soha xodimlari “Kelajak bunyodkori” va “Shuhrat” medallari bilan taqdirlandi.
Mukofotlanganlar orasida IT Park’ning Qoraqalpog‘iston va Farg‘ona filiallari rahbarlari Madiyar Elmuratov (“Kelajak bunyodkori” medali) va Bahromjon Jalilov (“Shuhrat” medali) bor.
“Kelajak bunyodkori” medali bilan O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga va shon-shuhratini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan, shuningdek o‘qishda va mehnat faoliyatida katta yutuqlarga erishgan, 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan fuqarolar mukofotlanadi.
“Shuhrat medali bilan respublika iqtisodiyoti, fani va madaniyatini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik hamda milliy istiqlol va ijtimoiy taraqqiyot g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishida o‘zining halol mehnati bilan katta yutuqlarga erishgan shaxslar mukofotlanadilar.
Elmuratov Madiyar Koshkinbaevich
Madiyar Elmuratov Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan. U AKT sohasini rivojlantirishga oid qator maqolalar muallifi. 2019-yildan buyon IT-Parkning Qoraqalpog‘iston filialini boshqarib kelmoqda.
Uning tashabbusi bilan Nukus shahrida xorijiy hamkorlarga masofaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi “Sigma Express and Logistic group” IT-autsorsing kompaniyasi tashkil etildi. Shuningdek, Mo‘ynoq va Beruniy tumanlarida BPO maktabi va BPO markazi tashkil etildi.
Uning rahbarligida Qoraqalpog‘istonning barcha viloyatlarida o‘quv IT markazlari tashkil etildi. Ularda 40 nafar yosh o‘qituvchi mehnat qilmoqda. Bu yerda 10 mingdan ortiq yoshlar kompyuter savodxonligi, dasturlash, mobil robototexnika va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitilmoqda.
Jalilov Baxromjon Odiljonovich
Baxromjon Jalilov Farg‘ona politexnika instituti va Sankt-Peterburg davlat elektrotexnika universitetini tamomlagan.
2019-2021 yillarda TATU Farg‘ona filiali ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha rektor o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Yosh olimlar kengashi a’zosi. U Rossiyaning “Perm” va “Morion Digital” raqamli texnoparklarida malakasini oshirdi. 2020-yildan buyon IT-Parkning Farg‘ona filialiga rahbarlik qilib kelmoqda. Har oy filialda 15 ga yaqin turli tanlov, yarmarka va uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda. Viloyatning barcha shahar va tumanlarida IT markazlar tashkil etilib, ularda 5 ming nafarga yaqin yoshlar tahsil olmoqda. 2021-22-yillarda IT-Park Farg‘ona filiali rezidentlari soni 10 baravarga – ya’ni, 6 tadan 62 taga ko‘paydi.
Bahromjon taklifi bilan Marg‘ilon shahrida “Raqamli texnologiyalar markazi” tashkil etildi.
Hamkasblarimizni ushbu munosib mukofot bilan tabriklaymiz! Ularga yanada yorqin yutuqlar va muvaffaqiyatli loyihalar tilaymiz!
2023-08-28