IT-Parkʼning startap loyihalaridan birinchi Demo Day!

2019-yil 14-dekabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida IT-Parkʼning akseleratsiya va inkubatsiya dasturlari bitiruvchilarining birinchi Demo Day tadbiri boʻlib oʻtdi.

Demo Day – bu IT-Parkda birinchi marta oʻtkazilayotgan 12 haftalik akseleratsiyava inkubatsiya boʻyicha oʻquv dasturining yakuniy tadbiridir. Tomoshabinlar startap loyihalarning taqdimotlarini bir necha soat davomida eng yaxshi IT-investorlarning oldida tomosha qilishdi, bunda har bir bitiruvchi 15 daqiqada u maqsadli auditoriyaga taqdim etgan mahsulotning zarurati, loyihaning iqtisodiyoti va biznes modeli haqida gapirib berdi.

Axborot texnologiyalari sohasida kichik va oʻrta korxonalarni rivojlantirishda, startaplar ekotizimini rivojlantirishda har tomonlama koʻmaklashish maqsadida, IT-Parkʼda loyihaning gʻoyasini toʻlaqonli tijorat mahsulotiga aylantirishga qaratilgan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari amalga oshirilmoqda.

IT-Parkning inkubatsiya va akseleratsiya dasturi boʻyicha oʻtgan 3 oy davomida startap jamoalar 22 ta nazariy maʼruzalarni tinglashdi, 2 haftadan ortiq mahsulotlarni tabiiy sinovdan oʻtkazish va farazlarni tekshirib koʻrish ishlarini olib borishdi, potentsial investorlar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishdi, shuningdek, investorlar oldida chiqish qilish imkoniyatiga ega boʻlish maqsadida Oʻzbekistondagi IT sohasidagi maslahatchilar va mutaxassislar bilan astoyidil ishlashdi, dunyodagi yetakchi texnoparklarda tajriba toʻplashdi, biznes modellari, PR, biznes-taqdimot sanʼatini oʻrganishdi, marketing va moliyaviy rejalarni ishlab chiqishdi. Axir, Demo Dayʼning asosiy maqsadi investitsiyalarni jalb qilish va mutaxassislarning maslahatlarini olish maqsadida mahalliy va xorijiy investorlarga va venchur fondlarga innovatsion loyihalarni taqdim etishdir.

Ushbu dasturlarning birinchi mavsumi doirasida, Maslahat kengashi tomonidan loyihalar va jamoaviy taqdimotlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra, 103 ta talabgor orasidan 15 ta loyiha tanlab olindi, jumladan, ulardan 9 tasi inkubatsiya dasturiga va 6 tasi akseleratsiya dasturiga kiritilgan.

Loyihalar quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha tanlandi: Elektron tijorat – 8 ta loyiha; Tibbiy texnologiyalar (Medtech) – 3 ta loyiha; Moliyaviy texnologiyalar (Fintech) – 1 ta loyiha; Agro Technologies (Agrotech) – 1 ta loyiha; Narsalar Interneti (IoT) – 2 ta loyiha.

Tadbirning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuxrat Muhammadjanovich Sodiqov, IT-Park direktori Farhod Ibragimov, “Paynet” toʻlovlarini qabul qilish tizimi, “Lebazar.uz” onlayn-doʻkoni va “Technobiz” kompaniyasi asoschisi Botir Orifjonov, shuningdek, IT-Parkʼning startap jamoalari va hamkorlik startap loyihalari ishtirok etishdi.

Finalda: LockerPost (joʻnatmalarni yetkazib berish boʻyicha innovatsion xizmat), Patient Monitor (bemorlar uchun ularning ahvoli yomonlashishini oldindan aniqlashga imkon beradigan kompleks tizim), AydaTuda (xizmat Toshkentda yaqin kunlarda boʻladigan tadbirlar bilan tanishish, tashkilotchilar bilan bogʻlanish, batafsil maʼlumotlar olish imkonini beradi), Revizor (biznes egalari uchun qayta aloqa (fikr-mulohazalar) platformasi), Worklance (kompaniyalarga malakali va yuqori malakali xodimlarni topishga yordam beradigan frilanserlar uchun platforma), Delivera (oziq-ovqat yetkazib berish boʻyicha onlayn xizmat), Fastago (riteylerlar (onlayn-doʻkonlar, marketpleyslar va boshqalar) uchun yetkazib berishni sodda va arzon qilish maqsdida tuzilgan dasturiy yechim (API, veb-platforma)),  Agromat (qishloq joylardagi fermerlarga sifatli maslahatlar berish uchun IT-yechimlar), Passport Scanner (ilovalardagi shakllarini toʻldirish uchun shaxsiy guvohnoma (pasport, biometrik pasport, haydovchilik guvohnomasi va boshqalar)dan maʼlumotlarni kiritishni avtomatlashtiradigan dastur), Meteostation (maydondagi meteo sharoitni monitoring qilish uchun mobil IOT meteostantsiya), SlickTag (chakana savdo uchun ilgʻor texnologiyalar), Arzon Apteka (Toshkent shahar dorixonalar maʼlumotlar bazasi), Marta (smartfon orqali Visa va MasterCard boʻyicha naqd pulsiz toʻlovlarni qabul qilish imkoniyatini beradigan dasturiy platforma), EduMarket (maktab oʻquvchilari uchun taʼlim platformasi), MyTaxi (taksi xizmati), Express24 (oziq-ovqat yetkazib berish xizmati), Workly (vaqtni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi) kabi jamoalar ishtirok etishdi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yil 1-yanvarda yakunlanadigan IT-Parkʼning inkubatsiya va akseleratsiyadasturlarining ikkinchi mavsumiga arizalarni qabul qilish ayni vaqtda ochiq.


IT-Park – bu istiqbolli startap loyihalarni ishga tushirish va bozorga olib chiqishni taʼminlash uchun moʻljallangan, shu jumladan buni ilmiy va ilmiy-maʼrifiy tashkilotlar bilan birlashish hisobiga amalga oshirish nazarda tutilgan, obʼektlar, bino va inshootlar, shuningdek asbob-uskunalar majmuidir. Faol va iqtidorli insonlar buxgalteriyaga oid, huquqiy, marketing va ilmiy-maʼrifiy qoʻllab-quvvatlash orqali oʻz gʻoyalarini haqiqiy biznes loyihalariga aylantirish uchun haqiqiy imkoniyatga ega boʻladigan joy.

2019-12-14