IT Park Nukus davlat pedagogika institutida   seminar oʻtkazdi 

Joriy yilning 23 noyabr kuni Nukus davlat pedagogika institutida IT Park Nukus filiali rahbarligida yoshlarning innovatsion loyihalarda ishtirok etishga qiziqish darajasini oshirish maqsadida informatika fani talabalari va o‘qituvchilari uchun o‘quv seminari tashkil etildi.

Tadbirning asosiy ishtirokchilari fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor M.Jalelov, Informatika kafedrasi mudiri M.Alaminov, IT Park Qoraqalpog‘iston filiali direktori M.Elmuratov, informatika va matematika fani o‘qituvchilari hamda yoshlar boʻlishdi. 
Seminar davomida tinglovchilar uchun IT Park, IT Markazlar faoliyati, ta’lim loyihalari, jumladan “One Million Uzbek Coders” haqida batafsil taqdimot o‘tkazildi.  Xususan, IT Park tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarda yosh avlodning ishtiroki muhimligi ta’kidlandi.  Tadbirda ishtirok etgan talabalar “One Million Uzbek Coders” onlayn kurslariga oʻsha yerning oʻzida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lishdi, shuningdek, asosiy faoliyat turidan qat’i nazar, IT sohasini o‘rganishning afzalliklari haqida ham bilib oldilar.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyida Nukus davlat pedagogika institutida inkubatsiya markazi ochilgan bo‘lib, unda axborot texnologiyalari sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirokida mahorat saboqlari, xakatonlar, ideatonlar va boshqa IT tanlovlar muntazam o‘tkazib turiladi.

Tadbir so‘ngida IT Park filiali rahbarlari va Nukus davlat pedagogika instituti vakillari inkubatsiya markazini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar, shuningdek, IT Park loyihalarida ishtirok etish istagida bo‘lgan talabalar bilan suhbatlashdilar. 
Talabalarning amalga oshirilayotgan dasturlar, amalga oshirilayotgan loyihalar va axborot texnologiyalari sohasidagi zamonaviy tendensiyalardan xabardorligini oshirish IT sohasini rivojlantirish va startap ekotizimini shakllantirish yo‘lidagi birinchi qadamdir.  Ta’kidlash joizki, tashkilot tomonidan yoshlar orasidan iqtidor egalarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika bo‘ylab ko‘plab o‘quv seminarlari o‘tkazish rejalashtirilgan.

2021-12-02