IT Park O‘zbekistonning barcha hududlarida “One Million Uzbek Coders” loyihasi doirasida seminarlar o‘tkazdi

Joriy yilning 14-22-sentyabr kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida IT Park’ning hududiy vakillari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida “One million Uzbek Coders” loyihasi doirasida o‘quv seminari tashkil etishdi. Tadbirning maqsadi – talabgir IT mutaxassislari bo‘lish yo‘lida ushbu loyihaning ahamiyati haqida yoshlarning xabardorligini oshirish.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari, IT Park va IT markazlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi viloyat va shahar hokimliklari vakillari faol ishtirokida bir qator tadbirlar tashkil etildi.

Xususan, “One Million Uzbek Coders” loyihasi, uning maqsad va vazifalari, IT Park va IT markazlari faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar va axborot texnologiyalari sohasida sifatli va arzon ta‘lim olish uchun berilgan imkoniyatlar haqida taqdimotlar va ma’ruzalar o‘tkazildi.

Tadbir mehmonlari “One Million Uzbek Coders” kurslariga yozilish, o‘zlariga mos yo‘nalishni to‘g‘ri tanlash va tanlangan onlayn kurs doirasida loyiha ishlarini olib borishni o‘rgandilar. Loyihaning barcha ishtirokchilariga onlayn kurs davomida yetakchi IT mutaxassislar bo‘lgan murabbiylar hamrohlik qilishadi.  

“One Million Uzbek Coders” platformasi quyidagi sohalarda 3 oydan 6 oygacha davom etadigan bepul onlayn kurslarni taqdim etadi: ma’lumotlarni tahlil qilish, androidni dasturlash, frontend va backend dasturlash. “One Million Uzbek Coders” loyihasi tashkilotchilari “Dubay Future Foundation” xalqaro tashkiloti bilan yaqindan hamkorlik qiladilar, bu tashkilot umuman loyihani ilgari surish va rivojlantirishda har tomonlama ko‘mak beradi.

“One Million Uzbek Coders” kurslariga havola orqali yozilish mumkin https://uzbekcoders.uz

2021-09-23