14-sentyabr kuni Sirdaryo viloyati Shirin shahrida IT Park filiallari rahbarlari va hokimiyat vakillari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida “One Million Uzbek Coders” loyihasi doirasida o‘quv seminari tashkil etishdi. Tadbirning maqsadi – talabgir IT mutaxassislari bo‘lish yo‘lida ushbu loyihaning ahamiyati haqida yoshlarning xabardorligini oshirish.
Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari, IT Park Sirdaryo filiali va Shirin shahar hokimligi rahbarlari va xodimlari faol ishtirok etdilar.
Seminar ishtirokchilari uchun “One Million Uzbek Coders” loyihasi, IT Park faoliyati va axborot texnologiyalari sohasida bepul ta’lim olish imkoniyatlari haqida taqdimot o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, “One Million Uzbek Coders” loyihasi mamlakatimizda jamiyatning keng qatlamlariga axborot texnologiyalari sohasida sifatli va arzon ta’lim berish maqsadida 2019 yilda boshlangan edi. Loyihaning strategik hamkori – Birlashgan Arab Amirliklari hududida shunga o‘xshash “One Million Arab Coders” loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirgan “Dubai Future Foundation” hisoblanadi.
Loyiha tufayli yoshlar Udacity xalqaro ta’lim platformasiga asoslangan onlayn kurslarga quyidagi yo‘nalishlarda bepul kirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar: ma’lumotlarni tahlil qilish, android dasturlash, frontend va backend dasturlash. Har bir kurs 3 oy davom etadi, ushbu vaqt davomida talabalarga tajribali murabbiylar va yetakchi IT mutaxassislar hamrohlik qiladi.
“One Million Uzbek Coders” kurslariga havola orqali yozilish mumkin https://uzbekcoders.uz
2021-09-16