Joriy yilning 6-7–yanvar kunlari Samarqand viloyatida umumta’lim maktablarining 7-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “One Million Uzbek Coders” loyihasi doirasida frontend va fullstack dasturlash, android dasturlash va ma’lumotlarni tahlil qilish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tanlov o‘tkazildi.
Tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining hududiy boshqarmasi vakillari, Samarqand viloyati hokimligi xodimlari, Xalq ta’limi vazirligining viloyat boshqarmasi, hamda, tasarrufidagi korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.
Tanlovning asosiy maqsadi – bu iqtidorli yoshlarni saralab olish, ularning salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va malakali mutaxassislar tayyorlashdan iborat edi. Tanlovda jami 3000 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etib, ular orasidan keyingi hal qiluvchi bosqichga yo‘l oladigan g‘oliblar aniqlandi.
Tanlov g‘oliblariga tashkilotchilar tomonidan noutbuklar, planshetlar, elektron kitoblar va mobil telefonlar topshirildi. Tadbir so‘ngida umumta’lim maktablari o‘quvchilari IT Park faoliyati, “One Million Uzbek Coders” platformasida taqdim etilayotgan ta’lim loyihalari va kurslar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Eslatib oʻtamiz, “One Million Uzbek Coders” IT Park’ning taʼlim loyihasi boʻlib, u 2019-yilda “Dubai Future Foundation” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda boshlangan boʻlib, uning doirasida yoshlar dasturlash asoslarini bepul oʻrganishi mumkin. Platforma Udacity tomonidan quvvatlanadi va 4 ta yo‘nalishda onlayn kurslarni taqdim etadi: ma’lumotlarni tahlil qilish, android-dasturlash, frontend va backend dasturlash.
“One Million Uzbek Coders” kurslariga quyidagi havola orqali roʻyxatdan oʻtishingiz mumkin: https://uzbekcoders.uz
2022-01-13