IT Park “RevoTech” rezidenti oʻzining “Monterra” loyihasini “Digital City”da taqdim etdi!

Joriy yilning 18-sentyabr kuni Andijon viloyatining Digital City shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan yirik loyihalar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Qahramon Yoʻldoshev va Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirok etdi.

Tadbir doirasida “RevoTech”  direktori Nodir Turdimatov Andijon viloyatida ekin maydonlarining kosmik suratlarini tahlil qilish uchun onlayn platformani joriy etishga qaratilgan “Monterra” pilot loyihasining taqdimotini oʻtkazdi.

Bugungi kunda mazkur platforma davlat Soliq qoʻmitasi huzuridagi kadastr agentligining “Axborot yer tizimi” bilan birlashtirildi. Shuningdek, Andijon viloyatidagi barcha ekin maydonlarining 64,74 foizini tashkil etuvchi 145 ming gektar paxta va gʻalla maydonlarining 7 879 ta fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida tahliliy maʼlumotlarni shakllantirish ishlari boshlandi.

Loyihani sinovdan oʻtkazish maqsadida dastlabki bosqichda 20 ta fermer xoʻjaligining ekin ekilgan paxta yerlarining eksperimental asosda onlayn monitoringi tashkil etildi. Monitoring jarayonida ekinlarni yetishtirish, xorijiy ekinlar mavjudligi, kimyoviy, organik va mineral oʻgʻitlardan foydalanish, yerlarni suv bilan taʼminlash, ularning hosildorligini oshirish, shuningdek, resurslarni tejash masalalari boʻyicha muhim maʼlumotlarni taqdim etish va tahlil qilish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Ushbu maʼlumot ekin ekish faoliyatini yaxshilash, ortda qolgan ekinlar oʻsishi bilan bogʻliq turli muammolarni hal etish, unumdor yerlarning hosildorligini oshirish, kimyoviy moddalardan oqilona foydalanish orqali hosil va atrof-muhitga zarar yetkazishning oldini olishga xizmat qiladi.

Taʼkidlash joizki, platformaga bogʻdorchilik, chorvachilik, sabzavotchilik, sholichilik va baliqchilik uchun foydalaniladigan 66 ming gektardan ziyod yerlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bosqichma-bosqich kiritilmoqda.

Loyihaning ishga tushirilishi Andijon viloyatidagi barcha ekin maydonlari boʻyicha yer egalariga taqdim etilgan tahliliy maʼlumotlarni shakllantirishga yordam beradi.

Loyiha davomida kadrlar tayyorlashga ham eʼtibor qaratilmoqda. Oktyabr oyining birinchi bosqichida Andijon shahridagi “Digital City” IT Parkida joriy etilayotgan elektron platforma, “Axborot yer tizimi” dasturi va boshqa geoportal resurslar bilan ishlash uchun mutaxassislar tayyorlanmoqda.

2020-09-21