IT Park Uzbekistan rezidentlar bilan faol hamkorlikni davom ettirib, ularga rivojlanish va xalqaro bozorlarga chiqishda yordam bermoqda. Muntazam uchrashuvlar doirasida IT Park vakillari “MAAB Innovation” va “HumansLab” kompaniyalari bilan asosiy masalalarni muhokama qildilar.
IT Park va MAAB Innovation: mintaqaviy ofislarni rivojlantirish va mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar
IT Park “MAAB Innovation” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, unda Xorazm viloyatidan boshlab hududlarda kompaniya ofislarini ochish masalalari muhokama qilindi.
“MAAB Innovation” xorijiy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan kasblarni tahlil qilish va bo‘sh ish o‘rinlari, ish haqi hamda malaka talablari haqida dolzarb ma’lumotlarni taqdim etish imkonini beruvchi boshqaruv panelini namoyish etdi.
Shuningdek, “MAAB” kompaniyasi matematika va fizika olimpiadalari g‘oliblari uchun sun’iy intellekt sohasida ta’lim olishga yo‘naltirilgan stipendiya dasturlarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
IT Park, o‘z navbatida, global mehnat bozori va uning ehtiyojlarini o‘rganish uchun xorijiy rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu xalqaro bozorga kadrlar tayyorlashning zamonaviy usullarini joriy etish va O‘zbekistonda ishga qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish imkonini beradi.
“MAAB Innovation” — “Microsoft SQL” tizimida ma’lumotlarni qayta ishlash, “PowerBI” platformasida turli hisobotlarni tayyorlash, shuningdek, IT sohasida ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniya. Kompaniya AQSh va Germaniyaga eksport qilishga yo‘naltirilgan.
HumansLab: soliq imtiyozlari va “HUMANS YAXSHI” marketpleysini rivojlantirish
IT Park “HumansLab” kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, “HUMANS YAXSHI” marketpleysini ishga tushirish masalasini muhokama qildi. Platforma tadbirkorlarga tovar va xizmatlarni joylashtirish, qulay kabinet orqali savdoni boshqarish, ma’lumotlarni saqlash va integratsiyalashgan to‘lov xizmatlari bilan ishlash imkonini beradi.
Tomonlar xorijiy buyurtmachiga royalti to‘lashda imtiyozlarni qo‘llash masalalarini ham muhokama qildilar.
“IT Park rezidentlari oilasida bo‘lganimiz tufayli biz IT-faoliyatning bizga kerakli yo‘nalishlaridagi haqiqiy mutaxassislar bilan uchrashib, yaxshi aloqalar o‘rnatdik. Bu g‘oyalar, konsepsiyalar va amaliy yechimlarning qiziqarli va o‘zaro boyitadigan almashinuviga olib keldi va olib kelmoqda.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, IT Park rezidentligi kompaniyamizga dastlabki bosqichda kuchli mutaxassislarni, shu jumladan, chet eldan ham jismoniy shaxslar daromad solig‘ining pasaytirilgan stavkasi hisobiga jalb qilishga yordam berdi,” — deya ta’kidladi “Humans Lab” direktori Maksim Sajin.
“HUMANS LAB” — 2020-yilda O‘zbekistonda dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, uni joriy etish va qo‘llab-quvvatlash, takomillashtirish, shuningdek, AT tizimlarini tahlil qilish, maslahat berish va audit o‘tkazish — tizimlarning axborot xavfsizligi va samaradorligini tekshirish hamda yaxshilash bo‘yicha tashkil etilgan kompaniya. Kompaniya Singapurga eksport qilish bilan shug‘ullanadi. 2024-yilda kompaniya eksporti 2023-yilga nisbatan 4 barobarga oshib, 7,2 million dollarni tashkil etdi. Xodimlar soni 187 nafardan 269 nafarga yetdi.
IT Park rezidentlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda, ularning o‘sishi va global bozorlarga chiqishi uchun sharoit yaratmoqda. “IGOSHEL”, “MAAB” va “HumansLab” kompaniyalari bilan uchrashuvlar O‘zbekiston IT-ekotizimini rivojlantirish va uning xalqaro maydondagi mavqeyini mustahkamlashda yana bir qadam bo‘ldi.
2025-02-12