IT Park rezidentlari Turk Kengashi mamlakatlarida faoliyatlarini kengaytirishlari mumkin boʻladi!

2021-yilning 9-fevral sanasida IT Parkʼda Turk kengashi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvdan maqsad Turk Kengashi hamkor mamlakatlarida AKT yoʻnalishi rivojiga taaluqli bir qator dolzarb mavzularni muhokama qilish boʻldi.

Uchrashuvda IT Park Direktori Farhod Ibragimov, Turk Kengashi Bosh kotibi Bagʻdod Amreyev, Bosh kotib oʻrinbosari Mirvohid Azimov, Oʻzbekiston TIV vakili Murod Mustafoyev, shuningdek IT Parkʼning xalqaro faoliyat boʻyicha direktor oʻrinbosari Bahodir Ayyupov ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida tomonlarning oʻzaro hamkorligi, shu jumladan, hamkor davlatlar raqamlashtirilishini tezlashtirish dasturi va AKT sohasida Turk Kengashi davlatlarining raqobatbardoshligini kuchaytirish boʻyicha savollar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar “Turkcha Nazar 2040” doirasida “Raqamli Oʻzbekiston 2030” dasturi boʻyicha hamkorlikda ishlash, shuningdek yosh avlodning IT  imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida IT Parkʼning vertikal IT taʼlim modelini Turk Kengashiga aʼzo davlatlarga tatbiq qilish boʻyicha koʻmaklashishga kelishib oldilar.

Qolaversa, tomonlar oʻzbek IT kompaniyalarining Turkiy Kengash hududida faoliyatlarini kengaytirishlari va Kengash mamlakatlari bozorida ushbu kompaniyalar haqida biznes xabardorlikni shakllantirishga kelishib oldilar. Mehmonlarga IT Park ayrim rezidentlarining IT eksporti boʻyicha tajribalari namoyish qilindi. IT Park tajribasidan kelib chiqib, Turk Kengashi rahbariyati Kengash tarkibidagi davlatlar kompaniyalariga xizmat va mahsulotlarning tannarxini noprofessinal autsorsingi orqali tushirish va Oʻzbekistonga IT buyurtmalar taqdim qilish orqali koʻmak berishi mumkin boʻladi. Shunga asoslanib, Turk Kengashi rahbariyati IT Park rezidentlariga xalqaro kompaniyalardan, jumladan avvalroq IT Park delegatsiyasi tashrif buyurgan Turkiyadan buyurtma olishiga koʻmak berishga tayyorligini bildirdi.

Turk Kengashi Bosh kotibi Bagʻdod Amreyev Turkiy Kengashga aʼzo davlatlar kelajagi aynan IT Park jamoasida yigʻilgan tashabbusli va istiqbolli yoshlarga bogʻliq ekanligini taʼkidladi.



Aynan shu kuni, Turkiy kengash Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan IT sohasidagi muhim masalalarni muhokama qilganini, oʻtgan vaqt mobaynida 4 ta asosiy yoʻnalishga toʻxtalib oʻtganligini taʼkidlab oʻtmoqchimiz:

1. Kiberxavfsizlik

- Ushbu yoʻnalish Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlarni oʻta dolzarb va dunyo boʻylab tobora koʻproq kuzatilayotgan kiberhujumlardan himoya qilishga qaratilgan. Yoʻnalish doirasida Turkiy Kengashga aʼzo mamlakatlardagi kiberxavfsizlik sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

2. E-government

- Turkiy kengash maydonida umumiy ish oqimini yaratish va elektron imzoni joriy etish maqsadida elektron tijorat uchun umumiy platformani yaratish (masalan, yuk va boshqa tovarlarni rasmiylashtirish).

3. Sunʼiy yoʻldosh xizmati

- Turkiya va Qozogʻiston tomonlari tomonidan taqdim etilgan G2G va B2G sohasida Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida seminarlar, mahorat darslari va treninglar tashkil etish.

4. Qozogʻistondan Ozarbayjon orqali Turkiyaga optik tolali texnologiyalarni joriy etish loyihasi

- 2008-yilda Ozarbayjon tashabbusi bilan “TASIM” (Trans-Yevroosiyo super axborot magistrali) loyihasining asosiy tarkibiy qismlaridan biri boʻlgan Trans-Kaspiy tolali optik magistral yoʻlini qurish. Ushbu magistralni qurishning asosiy maqsadi Yevropadan Osiyoga qitʼalararo optik tolali magistralni yaratishdan iborat.

Maʼlumot oʻrnida:

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy Kengash) hukumatlararo tashkilot sifatida 2009-yilda tashkil etilgan boʻlib, turkiy tilda soʻzlashuvchi davlatlar oʻrtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

2019-yilning oktyabr oyida Bokuda boʻlib oʻtgan 7-sammit davomida Oʻzbekiston Kengashning toʻliq aʼzosiga aylandi.

Turkiy Kengash Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Nizomining maqsadlari va tamoyillariga hamda xalqaro huquqning boshqa umumeʼtirof etilgan prinsiplari va meʼyorlariga, shu jumladan suveren tenglik, hududiy yaxlitlik va davlatlarning xalqaro eʼtirof etilgan chegaralarining daxlsizligiga, shuningdek xalqaro tinchlik, xavfsizlikni taʼminlash va yaxshi qoʻshnichilik va doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga sodiq qoladi.

“Turkiy Nazar 2040” - bu Turkiy Kengash faoliyatining barcha sohalarida mamlakatlar bilan oʻzaro rivojlanish va hamkorlik istiqbollarini koʻzda tutadi. ITʼga toʻxtalib oʻtsak, ushbu yoʻnalishga innovatsion startaplar, inkubatorlar yaratish, IT taʼlim, raqamli transformatsiyalar, davlat va xususiy sherikchilik, intellektual mulk va boshqalar kiradi.

2021-02-09