8-aprel kuni IT-bilimlarni rivojlantirish markazi va IT Park rezidentlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda IT Park rahbariyati, shuningdek, tashkilot rezident kompaniyalari EPAM Systems, iTechART, Exadel, iTransition va boshqalar ishtirok etishdi.
IT Park direktori Farhod Ibragimov uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad yirik kompaniyalar va o‘quv markazlarining o‘zaro tanishuvi hamda hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat ekanligini ta’kidladi.
U o‘z nutqida eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarni jalb etish chora-tadbirlari va o‘sib borayotgan IT-xodimlar bozori xususida so‘z yuritdi. Uning ta’kidlashicha, Middle va Senior dasturchilar soni ortib borayotgani mutaxassislarning amaliyotda o‘zaro hamkorligi orqali Junior dasturchilarning sohani o‘rganish sifati va tezligini oshiradi.
Farhod Zairovich tadbirda ishtirok etganlarga IT Park taʼlim rezidentlari uchun moʻljallangan maqsadli kreditlar haqida ham soʻzlab berdi.
Shuningdek, IT Park rezident kompaniyalari EPAM Systems, iTechART, Exadel, iTransition rahbarlari ham o‘z ma’ruzalari bilan chiqishdi.
Dasturning asosiy qismidan so‘ng tadbir kadrlar tayyorlash sohasidagi muammolar va yechimlar, axborot texnologiyalari sohasida mehnat bozoridagi talab va taklif muhokamasi bilan davom etdi.
Uchrashuvda rezident kompaniyalar malakali va raqobatbardosh mutaxassislarni yaratish bo‘yicha kadrlarga qo‘yiladigan talablar va o‘quv dasturlari yuzasidan fikr almashdilar.
So‘ngra yig‘ilish ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
2022-04-12