IT Park shourumida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sadikov Shuxrat Muxamadjanovichning OAV vakillari bilan norasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi

2020-yil 24-oktyabr kuni IT Park shourumida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining blogerlar va OAV vakillari bilan norasmiy uchrashuvi boʻlib, unda Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sadikov Shuxrat Muhamadjanovich, Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Pekos Oleg Andreyevich, IT Park direktori Ibragimov Farhod Zoirovich va boshqalar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida OAV vakillariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga qanchalik eʼtibor qaratilayotgani, 2020-yilda ilm-fan, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb nomlangani taʼkidlandi. Shunga koʻra, barcha raqamli islohotlarning “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Fan, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq ijtimoiy obyektlarni yuqori tezlikdagi Internetni 80% umumtaʼlim maktablari, 100% maktabgacha taʼlim muassasalari va sogʻliqni saqlash muassasalarini taʼminlash asosiy yoʻnalishlardan biri qilib olingan.

Bu esa, oʻz navbatida, yoshlarga zamonaviy bilim olish, fuqarolarga sifatli va tezkor xizmat koʻrsatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shundan kelib chiqib, respublika telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungacha internetga keng qatorlik ulanishning 800 ming porti oʻrnatilgan boʻlib, ularning umumiy soni 2,8 million donaga yetkazildi. Bundan tashqari, 11 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari barpo etilib, ularni kengaytirish ishlari olib borilmoqda.

Raqobatbardosh mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni ragʻbatlantirish axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini izchil rivojlantirishning muhim shartlaridan biridir.

IT Park aynan shu maqsadda tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda 364 nafar IT kompaniyalari IT Park rezidenti hisoblanadi. Joriy yil boshidan buyon IT Park rezidentlari tomonidan 750 ta yangi ish oʻrni yaratildi, ishlab chiqarilgan dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi 346,2 milliard soʻmni, eksport esa 8,4 million dollarni tashkil etdi.

Jalb etilgan xorijiy ekspert bilan birgalikda 408 ming kvadrat metr IT Park infratuzilmasi obyektlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqildi va bu IT Park rezidentlari sonini koʻpaytirish imkonini beradi. Mahalliy hokimliklar bilan IT Park rezidentlarining hududiy filiallarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlar tuzildi, har bir loyiha boʻyicha bajariladigan vazifalarning tarmoqli jadvallari tasdiqlandi.

IT Park mintaqaviy filiallari Andijon, Margʻilon, Fargʻona viloyati va Guliston shaharlarida ishga tushirildi. Bugungi kunda IT Parkning Andijon filialida 10 nafar, Margʻilon 7 nafar rezident faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, umumiy maydoni 5,8 ming kv. m., Samarqand (12 ming kv. m.), Urganch (16 ming kv. m.) boʻlgan Namanganning IT Park filiallarini qurish ishlari olib borilmoqda.)

Yangi barpo etilgan IT Park shourumida boʻlib oʻtgan uchrashuv yakunida OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarni soʻrab, ularga Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri, Sadikov Shuxrat Muhamadjanovich, Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari Pekos Oleg Andreyevich, IT Park direktori, Ibragimov Farhod Zoirovich va boshqa taklif etilgan tashkilot va kompaniya vakillaridan javob olishdi.

Uchrashuv yakunida Shuxrat Muhamadjanovich shaxsan OAV vakillari uchun shourum hududida ekskursiya uyushtirib shourumning barcha oʻziga xos xususiyatlari va binoda sodir boʻlayotgan faoliyat haqida soʻzlab berdi.

 

2020-10-26