IT Park startaplar uchun investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha treninglar tashkil etadi

28-oktabr kuni soat 17:00 da Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida IT-Park va “Startup Central Eurasia” platformasi tomonidan “Startup KPIs tool yordamida startapning o‘sish sur’atlarini tezlashtirish uchun uning asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlash va investitsiyalarni jalb qilish usullari” mavzusida trening bo‘lib o‘tadi.

Startup KPIs vositasi startapga o‘zining kuchli tomonlarini aniqlash va ularni investorlarga taqdim etish imkonini beruvchi asosiy o‘lchov vositasidir. “Startup Genome” hisobotiga ko‘ra, startaplarning 70 foizi o‘z o‘sish bosqichini noto‘g‘ri baholaydi va ko‘lamini muddatidan oldin kengaytirishga harakat qiladi, bu esa oxir-oqibat muvaffaqiyatsizlikka olib keladi. Startup KPIs vositasi yordamida startap ko‘rsatkichlarini tahlil qilish nafaqat loyihani investorlarga yanada qulayroq ko‘rinishda taqdim etish, balki kompaniya uchun halokatli xatarlardan qochishga ham yordam beradi.

Tadbir nazariy va amaliy qismdan iborat. Dastlab, “Future Laboratory” va “Startup Central Eurasia” kompaniyasi bosh direktori Irakliy Kashibadze “Startup Central Eurasia platformasi tomonidan taqdim etilgan startaplar uchun imkoniyatlar” mavzusida ma’ruza qiladi. So‘ngra SCE platformasi tahlilchisi Maksim Buryanov ishtirokchilarga quyidagi jihatlar haqida gapirib beradi:

— startapni rivojlantirish ko‘rsatkichlarini aniqlash nega muhim? (ARR, MRR, LTV, CAC, Churn Rate, Retention Rate, MRR Growth Rate, Bross Margin, Burn Multiple va boshqalar);

— startapni rivojlantirish uchun asosiy ko‘rsatkichni qanday aniqlash mumkin? (North Star Metric);

 — Startup KPIs hisob-kitob natijalari asosida investorlar bilan qanday gaplashish kerak?

G‘oya va Pre-Seed bosqichidagi startaplar tez o‘sish uchun North Star Metricni aniqlash yo‘llarini o‘rganadilar, Seed va kengayish bosqichidagi loyihalar esa platforma hamkorlaridan investitsiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri olish imkonini beruvchi Startup KPIs tool kalkulyatorini amaliyotga tatbiq etadilar. Bundan tashqari, yig‘ilishda startaplar loyihalar reestrida keyingi saralash uchun ro‘yxatdan o‘tishlari va Markaziy Yevroosiyo mintaqasi, AQSh va Yevropa investorlari uchun umumiy xat yo‘llanmasi ro‘yxatiga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin.

Trening rus tilida olib boriladi. Tadbirda ishtirok etish bepul, joylar soni cheklangan.

Sessiyaga 27-oktabrgacha quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin: https://docs.google.com/forms/d/e/1FAIpQLSegY0L3ny4Y9FD_2jV318KstWCZjZMbJ1kYxAvVdibY8ZkaIA/viewform

Eslatib o‘tamiz, avvalroq IT-Park va “Startup Central Eurasia” ham shunga o‘xshash treningni onlayn formatda o‘tkazgan edi. Unda startaplar o‘z loyihalari haqida so‘zlab berib, o‘zlari duch kelgan muammolar bilan bo‘lishishdi va o‘z loyihalari baholash tizimiga Startup KPIs tool joriy etish bo‘yicha tavsiyalar olishdi.

2022-10-18