IT Park Tashkentʼda Meros xayriya jamoat jamgʻarmasi bilan hamkorlikda xayriya uylari tarbiyalanuvchilari uchun mahorat darslari o‘tkazildi.
Mobil robototexnika, hamda, frontend va backend dasturlash yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi. Bundan tashqari, mahorat darslari ishtirokchilariga “One Million Uzbek Coders” loyihasi va uning afzalliklari haqida so‘zlab berildi.
Ishtirokchilar IT Park va Meros jamgʻarmasi vakillari bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar, o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarni berdilar va IT-sohasi bo‘yicha ko‘plab yangi va qiziqarli ma’lumotlarni o‘rganishdi.
Taʼkidlash joizki, IT Park Meros xayriya jamgʻarmasi bilan birgalikda Oʻzbekiston mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari uchun kompleks dasturlash kurslarini oʻtkazmoqda.
Bugungi kunga qadar Respublikamizning 4 ta viloyati, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Samarqand va Xorazm viloyatlarida mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarining jami 70 nafardan ortiq tarbiyalanuvchilari birinchi bosqich (kompyuter savodxonligi)ni muvaffaqiyatli yakunladi. Ayni paytda mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari uchun ikkinchi bosqich kurslarini (frontend yoki backend – o‘quvchilar talabiga binoan) yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
2022-03-15