IT Park Uzbekistan “BASE 33” va “Blitz” o‘quv markazlari bilan hamkorlikda Toshkent va Samarqandda nemis tilini mukammal biladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan dastur ishga tushirilganini e’lon qiladi.
Ushbu dastur nemis tilini kamida B1 darajasida biluvchi ishtirokchilar uchun mo‘ljallangan. Olti oylik ta’lim davomida talabalar til darajasini C1 ga oshirib, xalqaro IT va BPO-kompaniyalarida oylik 1000 AQSh dollaridan boshlab maosh to‘lanadigan yangi kasbiy imkoniyatlarga ega bo‘ladilar.
Mashg‘ulotlar Toshkent va Samarqand shaharlarida oflayn shaklda, “Blitz” o‘quv markazining “Deutsch Call” va “BASE 33” markazining “Intensivkurs Deutsch für Studium und Beruf” kurslari asosida olib boriladi. Dasturlar mehnat bozori talablari, autsorsing kompaniyalari va koll-markazlar xodimlariga qo‘yiladigan mezonlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
Ishtirokchilar nafaqat nemis tilining og‘zaki va yozma ko‘nikmalarini yuqori darajaga ko‘taradilar, balki xorijiy mijozlar bilan muloqotning madaniy va kasbiy jihatlarini ham o‘zlashtiradilar. Bu xalqaro muhitda ishonch bilan ishlash uchun zarur bo‘lgan barcha ko‘nikmalarni o‘z ichiga oladi.
“Ushbu loyiha yosh avlodga sifatli til ta’limini olish bilan birga, yetakchi kompaniyalar va autsorsing markazlarida ishlash uchun haqiqiy imkoniyatlarni taqdim etadi. Ishonchimiz komilki, bunday dasturlar inson kapitalini rivojlantirish va mamlakatimizning global bozordagi raqobatbardoshligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega,” — deya ta’kidladi “BASE 33” nemis tili maktabi rahbari Imil Nagaev.
“Dasturimiz O‘zbekiston yoshlari uchun yangi ufqlar ochishiga chin dildan ishonaman. Yoshlarimizning til o‘rganishdagi iqtidori va qobiliyatini ko‘rib turibmiz — bu esa nafaqat talabalarning o‘zlari, balki malakali kadrlarni izlayotgan xalqaro kompaniyalar uchun ham ulkan salohiyatdir,” — dedi “Blitz” o‘quv markazi direktori Mirzohid Berdiboyev.
O‘qishni muvaffaqiyatli yakunlab, imtihonlarni topshirgan bitiruvchilar IT Park Uzbekistan ko‘magida xalqaro kompaniyalarga ishga joylashish uchun ariza topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, kurs xarajatlarining bir qismi IT Park tomonidan qoplanadi, bu esa sifatli til ta’limini yanada ommabop qiladi.
Ushbu tashabbus inson kapitalini rivojlantirish hamda mamlakatimizning jahon IT-bozoridagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturining maqsadlariga to‘liq mos keladi.
Kurslarga hoziroq ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin:
“BASE 33” o‘quv markazida o‘qish uchun, “Blitz” uchun.
Bilimlaringizni oshirish va karyerangizni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini qo‘ldan boy bermang!
2025-07-03