IT Park Uzbekistan Berlin shahrida oʻtkazilgan Customer Contact Week 2025 tadbirida mamlakatni taqdim etdi

IT Park Uzbekistanʼning Germaniyadagi vakolatxonasi rahbari Vsevolod Li Berlinda boʻlib oʻtgan Yevropaning eng yirik koʻrgazmasi va kongressi — “Customer Contact Week (CCW) 2025”da ishtirok etdi. Tadbir 7500 nafardan ortiq ishtirokchi va mijozlarga xizmat koʻrsatish sohasining 280 dan ziyod yetakchi mutaxassislarini bir joyga toʻpladi.

Bu yilgi “CCW”ning bosh mavzusi “Where Humans Meet AI” boʻldi. Unda mijozlarga xizmat koʻrsatishda sunʼiy intellektni joriy etish, foydalanuvchi tajribasini individuallashtirish va koʻp kanalli yechimlarni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Muhokamalar asosiy tendensiyalarni qamrab oldi, jumladan sunʼiy intellekt yordamida mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, aloqa markazlarida qulay ish sharoitlarini yaratish, rahbarlik strategiyalarini raqamli oʻzgarishlarga moslash va mijozlar tajribasi sohasida inson va texnologiyalarning samarali oʻzaro aloqasini taʼminlash.

Tadbir doirasida IT Park Uzbekistan “Microsoft”, “Genesys”, “Zendesk”, “Five9”, “Concentrix”, “Cognigy”, “Freshworks”, “Sprinklr”, “ServiceNow”, “Zoom”, “AWS”, “Deloitte”, “Salesforce”, “Vodafone”, “Huawei”, “Talkdesk”, “Telekom T Business”, “PwC” va sohaning boshqa yetakchi kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar olib bordi.

Hamkorlik istiqbollari, kompaniyalarning Oʻzbekistondagi dastur va loyihalarda ishtiroki, shuningdek, IT Park rezidenti maqomini olish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikning batafsil shartlarini muhokama qilish uchun keyingi uchrashuvlar oʻtkazish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

“CCW” tadbirida ishtirok etish yangi aloqalar oʻrnatish bilan bir qatorda, IT Park Uzbekistanʼga sunʼiy intellektni joriy etish boʻyicha dolzarb holatlar bilan tanishish imkonini berdi. Olingan maʼlumotlar IT Parkʼning xalqaro yoʻnalishini yanada rivojlantirish va Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor boʻlgan kompaniyalar va ilgʻor texnologiyalarni Oʻzbekistonga jalb qilish uchun foydalaniladi.

IT Park Uzbekistanʼning “CCW Berlin 2025” koʻrgazmasidagi ishtiroki mijozlarga xizmat koʻrsatish va raqamli texnologiyalar sohasidagi global yetakchilar bilan hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratib, xalqaro aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam boʻldi.

2025-03-06