IT Park Uzbekistan bosh direktori maslahatchisi Ahmed Abulez rahbarligidagi delegatsiya Hindistonga xizmat safari doirasida yetakchi mutaxassislar, tadbirkorlar va investorlarni birlashtirgan eng yirik texnologik tadbirlardan biri — “NASSCOM Technology & Leadership Forum” (NTLF 2025)da ishtirok etmoqda.
Forum doirasida 100 dan ortiq ma’ruzachi, 1600 delegat va 50 ta mavzuli sessiya innovatsiyalar, raqamlashtirish va global texnologik hamkorlikning asosiy tendensiyalarini muhokama qilmoqda.
Forumning birinchi kunida IT Park Uzbekistan “Beqaror dunyoda rivojlanish: chegaralardan tashqariga chiqish” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi. Unda “HCL Tech”, “Wells Fargo”, “Zensar Technologies”, “Genpact”, “Uniphore”, “Zinnov” va boshqa yetakchi xalqaro kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Muhokamada bozorlarni diversifikatsiya qilish strategiyalari, uzoq muddatli muvaffaqiyat uchun global ishtirokning ahamiyati, shuningdek, IT-autsorsing uchun mamlakatlarni tanlash mezonlariga e’tibor qaratildi. Biznesga ta’sir ko‘rsatuvchi geosiyosiy omillar va o‘zgaruvchan jahon konyunkturasiga moslashish mexanizmlari alohida muhokama qilindi.
Muhokama davomida delegatsiya rahbari Ahmed Abulez O‘zbekistonni IT-autsorsing uchun istiqbolli hudud sifatida taqdim etib, mamlakatning raqobatbardosh ustunliklarini — qulay geografik joylashuvi, malakali kadrlar, qulay investitsiya muhiti va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbir davomida IT Park vakillari “Cognizant”, “Capgemini”, “Accenture” kabi sanoat “gigantlari”ning yuqori rahbariyati bilan tanishib, kelgusida onlayn uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
“NTLF 2025” tadbirining ikkinchi va yakuniy kunida IT Park delegatsiyasi forum tashkilotchilari — “NASSCOM” tashkilotining vitse-prezidenti Shivendra Singh, shuningdek, Hindistonning 3000 dan ortiq ITES kompaniyalarini birlashtirgan uyushma bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvda tomonlar Markaziy Osiyoga kengayish imkoniyatlarini o‘rganish uchun Hindistonning yirik kompaniyalarining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish masalasini muhokama qildilar.
IT Park Uzbekistan mamlakatning innovatsion ekotizimini rivojlantirish, xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekistonni global raqamli hamjamiyatga integratsiya qilish bo‘yicha faol ishlarini davom ettirmoqda. “NTLF 2025” kabi tadbirlarda ishtirok etish IT Parkning mahalliy IT-kompaniyalarni xalqaro bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonni jahon IT-sanoatining asosiy ishtirokchisi sifatida targ‘ib qilishga bo‘lgan intilishini tasdiqlaydi.
2025-02-26