IT Park Sirdaryo filiali direktori rahbarligidagi IT Park delegatsiyasi Malayziyaga ish safari bilan tashrif buyurdi. U yerda xalqaro aloqalarni mustahkamlash va uzoq muddatli hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish maqsadida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ushbu tashrif mamlakatlar o‘rtasida mustahkam va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun poydevor yaratishga qaratilgan bo‘lib, kelajakda O‘zbekistonda IT-sanoatning barqaror o‘sishi uchun zamin tayyorlaydi.
Daythree
Delegatsiya IT-xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi potensial hamkorlikni muhokama qilish uchun “Daythree” kompaniyasi asoschisi Raymond Devadas bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Raymond O‘zbekistonning ko‘p tillarni biladigan iste’dodli mutaxassislariga qiziqish bildirdi va nomzodlar bilan bir nechta suhbat o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, IT Park vakillari mamlakat hududlari va minimal sarmoya bilan xorijiy kompaniyalarga mamlakatda o‘z faoliyatini boshlash imkonini beruvchi “Zero Risk” qo‘llab-quvvatlash dasturini taqdim etdilar.
Raymond O‘zbekiston bozorini o‘rganish va yaqin kelajakda mamlakatga javob tashrifi bilan kelishga qiziqish bildirdi.
2016-yilda tashkil etilgan “Daythree Digital Berhad” — Malayziyadagi global biznes xizmatlariga (GBS) ixtisoslashgan investitsiya xoldingi bo‘lib, mijozlar tajribasini (CX) boshqarishga e’tibor qaratadi. “Daythree” kompaniyasida 2000 nafarga yaqin xodim mehnat. Kompaniyaning bosh qarorgohi Malayziyaning Shoh Alam shahrida joylashgan.
Raqamli texnologiyalar vazirligi, Malayziya
O‘zbekiston delegatsiyasi IT Park Sirdaryo filiali direktori va Raqamli texnologiyalar vazirligining Sirdaryodagi vakolatxonasi rahbari Abduqodir Babayev ishtirokida Malayziya Raqamli texnologiyalar vazirligi Bosh kotibi Fabian Bigar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Janob Fabian Bigar mintaqaning strategik joylashuvi tufayli O‘zbekistonning raqamli loyihalar markaziga aylanishining noyob imkoniyatini ta’kidlab, hamkorlikni, xususan, “MDEC” va IT Park Uzbekistan orqali rasmiylashtirishning afzalliklarini qayd etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi IT Park’ning joriy dasturlari va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish rejalarini taqdim etdi.
Raqamli investitsiyalar va birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘zaro anglashuv memorandumini (MOU) ishlab chiqishga kelishib olindi.
Scicom (MSC) Berhard
Dato' Sri Leo Ariyanayakam rahbarligidagi “Scicom (MSC) Berhard” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda hamkorlik rejalari va imkoniyatlari, jumladan, IT Park rezidentlari bilan biznes xizmatlari va autsorsing sohasida qo‘shma tashabbuslarni yaratish istiqbollari taqdim etildi. Bu har ikki tomonga xalqaro bozorlarda o‘z o‘rinlarini mustahkamlash imkonini beradi.
Shuningdek, “Scicom (MSC) Berhard” jamoasi o‘z mijozlari hamda kompaniya bosh qarorgohi uchun IT-xizmatlar va biznes xizmatlarini amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonda mintaqaviy ofis ochishga qiziqish bildirdi. Imkoniyatlarni kengroq o‘rganish maqsadida kompaniya vakillarining tashrifi rejalashtirilmoqda.
1997-yilda tashkil etilgan “Scicom (MSC) Berhad” — Malayziyaning yirik kompaniyasi bo‘lib, mijozlarning hayot siklini boshqarish, elektron tijorat, raqamli marketing, davlat sektori uchun texnologiyalar (Gov-Tech) va ta’lim xizmatlariga ixtisoslashgan. 2023-yil holatiga ko‘ra, “Scicom” kompaniyasida 4000 dan ortiq mutaxassis faoliyat yuritadi, markaziy ofisi esa Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida joylashgan. Kompaniya Indoneziya, Buyuk Britaniya va Shri-Lankadagi faoliyati bilan xalqaro ishtirokini kengaytirmoqda.
Mazkur uchrashuvlar va muzokaralar xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, chet el kompaniyalarining mintaqaviy ofislarini ochish va mahalliy startap ekotizimini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. “Daythree” va “Scicom” kabi kompaniyalar bilan hamkorlik yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish va O‘zbekistonning IT-xizmatlar ko‘rsatish hamda autsorsing bo‘yicha mintaqaviy markaz sifatidagi mavqeyini mustahkamlash imkonini beradi.
2024-11-08