IT Park va “D.Camp” kompaniyasi O‘zbekiston va Koreyaning startap ekotizimlarini rivojlantirish uchun kuchlarni birlashtirmoqda

“Offshore Outsourcing Tour” tadbiri doirasida IT Park va Koreyaning “D.Camp” kompaniyasi vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tomonlar hamkorlik istiqbollari va startap loyihalarni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

“D.Camp” — Janubiy Koreyadagi eng yirik startap-markaz boʻlib, 2012-yildan buyon startaplarni faol qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Ayni paytda markazda 6200 dan ortiq startap va 1000 dan ziyod rivojlanish dasturlari mavjud. “D.Camp” kompaniyasi $13 million aylanmaga ega boʻlib, umumiy fondi $14 milliardni tashkil qiladi. Kompaniya butun dunyo boʻylab Janubiy Koreya, Indoneziya, Singapur, Yaponiya, Vyetnam va Gonkong davlatlarida joylashgan 7 ta ofislariga ega.

Uchrashuvda Singapurdagi “D.Camp” markazi rahbari Kim Sivan, “D.Camp” kompaniyasining IT boʻlimi menejeri Kim Sinvu, “UNIDO”ning Oʻzbekistondagi maslahatchisi Doniyor Usmonov, IT Park bosh direktorining IT-mahsulotlar eksporti va investitsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Jahongir Radjabov, shuningdek, IT Park Uzbekistan xalqaro boʻlimi xodimlari ishtirok etishdi.

Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik to‘g‘risida asosiy takliflar taqdim etildi. Ular orasida startaplarni har ikki mamlakat bozorlarida targʻib qilish uchun ularni birgalikda qoʻllab-quvvatlash, “D.Camp” kompaniyasining oʻzbek startaplarining sarmoyaviy dasturida qatnashish taklifi ham bor.

Shuningdek, Oʻzbekistonlik startap loyihalarni namoyish etish boʻyicha qoʻshma vebinarlar tashkil etish masalasi muhokama qilindi. “D.Camp” kompaniyasi oʻzbek startaplariga sarmoya kiritishni va ularni Koreya bozoriga olib chiqishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, “D.Camp” kompaniyasi oʻz hamkorlari orasida targʻib qiladigan IT Park tadbirlarini Koreyada oʻtkazish masalasi muhokama qilindi. Xususan, 25-may kuni Seul shahrida oʻtkaziladigan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri shular jumlasidan. “D.Kamp” kompaniyasi Koreyada IT Parkni targʻib qiluvchi asosiy vosita boʻlishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv 2024-yil 25-may kuni Seul shahrida boʻlib oʻtadigan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbirida imzolanishi rejalashtirilgan anglashuv memorandumini muhokama qilish bilan yakunlandi. Mazkur memorandum imzolangandan soʻng tashkilot Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonasini ochish masalasini koʻrib chiqadi.

Ushbu uchrashuv IT Park va “D.Camp” kompaniyasi oʻrtasida Oʻzbekiston va Koreya startap ekotizimlarini rivojlantirish, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida tajriba va resurslar almashishga qaratilgan hamkorlikning yangi istiqbollarini ochib berdi.

“D.Camp” kompaniyasi bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik oʻzbek startaplari uchun Janubiy Koreya bozori eshiklarini ochadi, bu esa mahalliy tadbirkorlar uchun ulkan imkoniyat hisoblanadi. Bundan tashqari, “D.Camp” kompaniyasining oʻzbek startaplariga kiritishi rejalashtirilgan sarmoyasi innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlashi va ularning muvaffaqiyatli oʻsishi va rivojlanishiga koʻmaklashishi mumkin.

Mamlakatlar oʻrtasida axborot texnologiyalari sohasidagi tajriba va resurslar almashinuvi ham birdek muhim. Bu shuni anglatadiki, Oʻzbekistonlik mutaxassislar va tadbirkorlar mahalliy IT-soha rivojiga sezilarli foyda keltirishi va uning jahon miqyosidagi raqobatbardoshligini oshirishi mumkin boʻlgan ilgʻor bilim va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar.

“D.Camp” kompaniyasi ofisining Oʻzbekistonda ehtimoliy ochilishi yangi ish oʻrinlari yaratish va mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb etishga, shu tariqa Oʻzbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti va aholi farovonligini oshirishga munosib hissa qoʻshadi.

2024-03-28