IT Park va WePlay Ventures hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi

11-may kuni Istanbulda IT Park taniqli WePlay Ventures investitsiya kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Hujjatni imzolash marosimida IT-parkning hududiy rivojlantirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Fayzulla Aripjanov, Rezidentlar faoliyatini monitoring qilish va tahlil qilish departamenti boshlig‘i Iskandar Xusanov, Raqamli transformatsiya departamenti loyiha menejeri Ramazon-Jasur Salimov hamda WePlay Ventures bosh direktori Burak Yilmaz va Invexen boshqaruvchi hamkori Yag'iz Karadeniz ishtirok etdi.

Memorandumning maqsadi O‘zbekiston va Turkiyada startap ekotizimini rivojlantirish hamda startaplarning ikki respublika bozorlarida kengayishiga ko‘maklashishdan iborat.

Tomonlar hamkorlik yo‘nalishlari va salohiyatli loyihalarni muhokama qilib, hujjatning O‘zbekiston va Turkiyada iqtisodiy o‘sish va tadbirkorlik muvaffaqiyatini rivojlantirishdagi ahamiyatini ta’kidladilar.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Memorandum innovatsion texnologiyalar va startap ekotizimini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi. Kompaniyalar hamkorlikning muhimligini e’tirof etib, uning amalga oshirilishi har ikki davlat tadbirkorlari uchun yangi loyihalar va imkoniyatlarning paydo bo‘lishiga olib kelishiga ishonch bildirmoqda.

Ma’lumot uchun:

WePlay Ventures Yevropa, Markaziy Osiyo va Turkiyadagi oʻyin venchur kapitali boʻlib, u barcha platformalar (Mobil, Konsol, PC va Web3) uchun oʻyinlar ishlab chiquvchi studiyalarni oʻz potentsialini roʻyobga chiqarishdan oldingi va dastlabki bosqichlarda qoʻllab-quvvatlaydi.

Invexen venchur kapital fondlaridan foydalanmoqchi bo‘lgan korporativ va individual investorlarga xizmat ko‘rsatadi va o‘z startaplari uchun mablag‘ to‘playotgan ta’sischilarga yordam beradi. Invexen Yevropaning 20 dan ortiq mamlakatlarida, shuningdek, AQSh va Turkiyada ko‘p yillik tajribaga ega.

2023-05-12