20-iyun kuni janob Elchi va YXHTning Iqtisodiy va ekologik faoliyat koordinatori Igli Hasani hamda YXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori Umid Pulatov IT Park Uzbekistanʼga tashrif buyurdilar.
Tashrifning maqsadi – IT Park bilan kelgusidagi hamkorlikni muhokama qilish, ayollar startaplari va “Tumaris Tech”ni muhokama qilish, shuningdek, O‘zbekiston AKT yo‘nalishi bilan tanishish edi.
Mehmonlarni IT Park Uzbekistan Ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov, Innovatsiyalar boʻyicha bosh direktor oʻrinbosari Jahongir Rajabov, Investitsiyalar va xalqaro aloqalar boʻlimi boshlig‘i Nigora Mirdjalilova, xalqaro hamkorlik va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha maslahatchi Rustam Sulaymonov kutib oldilar.
IT Park vakillari tashkilot faoliyati bilan tanishtirib, uning maqsad va yutuqlariga to‘xtalib oʻtdilar hamda O‘zbekistonda IT-sanoatni rivojlantirishda IT Parkʼning o‘rni haqida soʻzlab berdilar.
Igli Hasani O‘zbekistonda AKT yo‘nalishi rivojlanayotganini ta’kidlab, mamlakatda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish dasturlari o‘tgan yilning eng yaxshi dasturlari qatoriga kirganini aytib oʻtdi.
Tomonlar IT-xodimlarni, xususan, alohida ehtiyojli odamlar orasidan tayyorlash masalalarini muhokama qildilar. Mehmonlarga IT Park Toshkent filialida eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun tashkil etilgan IT kurslari haqida so‘zlab berildi.
Uchrashuvda Qozog‘iston va Tojikistondagi IT Park faoliyati, shuningdek, startap ekotizimini rivojlantirish va raqamli transformatsiya bilan shug‘ullanuvchi bo‘limlar faoliyatlari taqdim etildi. Bundan tashqari, IT Park vakillari taklif etilgan xorijiy mutaxassislar ishtirokida oʻtkazilgan loyihalar, shu jumladan xakatonlar, startap-batllar va mitaplar haqida maʼlumot bilan boʻlishdilar.
2023-06-21