IT Park Xorazm viloyatidagi IT loyihalar mualliflarini qo‘llab -quvvatlaydi

Joriy yilning 23-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi Olimjon Umarov, IT Park direktori Farhod Ibragimov va IT Park direktori maslahatchisi Jayaram Partasarti IT loyihalar bilan tanishish maqsadida Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti Urganch filialidagi inkubatsiya markaziga tashrif buyurishdi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida startaplar va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun IT Park inkubatsiya markazi ochilgan edi. Inkubatsiya markazlarida talabalar o‘rtasida IT dunyosining dolzarb tendentsiyalari to‘g‘risida xabardorlikni oshirish maqsadida muntazam ravishda tanlovlar, xakatonlar va ideatonlar o‘tkaziladi. 

Tadbir davomida Xorazm viloyatida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, yoshlar orasida istiqbolli IT loyihalar mualliflari o‘zlarining innovatsion g‘oyalari taqdimotini o‘tkazdilar.

Yosh avlod vakillari orasida o‘z IT mahsulotlarini ishga tushurishga qiziqishni kuchaytirish maqsadida ularga ushbu loyihalarni amalga oshirishda amaliy yordam va har tomonlama ko‘mak ko‘rsatiladi. Bunga qo‘shimcha ravishda, bu mamlakatimizning barcha hududlarida startap ekotizimining rivojlanish tezligini oshiradi.

2021-09-28