IT Park yuzi: Dildora Nasibullayeva - muvaffaqiyatli menejerning hikoyasi

Mart oyida butun dunyo bahor bayrami - "Xalqaro xotin-qizlar" kunini nishonlaydi. Shu qatorda IT Park jamoasi barcha muhtaram, aziz va munis ayol-qizlarni ushbu bayram bilan tabriklagan holda, muhim vazifalarni munosib va professional darajada bajarib kelayotgan jamoaning yorqin vakillaridan birining navbatdagi qiziqarli hikoyasidan ilhom olishga taklif etadi. Uning yordami bilan ko‘plab loyihalar va tashabbuslar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

“IT Park yuzi” ruknining bayramona sonida xorijiy hamkorlar bilan ishlash bo‘limning bosh menejeri Dildora Nasibullayeva haqida so‘z yuritamiz.

Dildora 30 yoshda. U Toshkentdagi Vestminster universitetining  Moliya va Iqtisodiyot ("Economics with finance") yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasini tamomlagan.Shundan so‘ng u o‘qishni davom ettirib, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “ITda Iqtisodiyot” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini tamomlagan.

Qahramonimiz IT Park‘dagi faoliyatini 2022-yilning fevral oyida boshlagan.

“IT Park jamoasiga qo‘shilish men uchun kutilmagan, ammo yoqimli voqea bo‘lgan. Bir necha yil Raqamli texnologiyalar vazirligiga qarashli tashkilotlarda ishladim. Va bir kuni menga do‘stlarim IT Park jamoasida ishlashni taklif qilishdi, ular menga ish va kompaniya haqida juda ko‘p ijobiy fikrlarni aytishdi. Ijobiy ma‘lumotlarga tayangan holda men o‘z maqsadim sari qadam qo‘ydim - ushbu kompaniyada ishlash va rivojlanishga qaror qildim. Aynan o‘sha paytda men o‘zimni yangi yo‘nalishda sinab ko‘rishni, tajriba orttirishni va yangi qirralarni kashf qilishni xohlardim. Men ishga joylashish uchun ariza topshirdim. Va meni suhbatga taklif qilishdi, muvaffaqiyatli o‘tganimdan so‘ng, meni xorijiy hamkorlar bilan ishlash bo‘yicha menejer lavozimiga qabul qilishdi”.

Hozirda Dildoraning vazifalari qatoriga investitsiyalar va xalqaro aloqalar bo‘limi ishini monitoring qilish kiradi, uning doirasida quyidagi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda:

“IT Visa” – middle darajasidan yuqori bo‘lgan IT-mutaxassislarini, startap-loyihalarga venchur kapital qo‘yish niyatida bo‘lgan investorlarni jalb qilish, shuningdek, “Relokatsiya dasturi” – xorijiy IT-kompaniyalarni jalb qilish, yuridik shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ofislar topish, xodimlarni yollash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, xorijiy IT-mutaxassislarini mamlakatimizga tez moslashish va rezident kompaniyalarga ishga joylashishga ko‘maklashish.

Nega aynan IT Park?

Bir yildan ko‘proq vaqt davomida Dildora IT Park manfaati yo‘lida tinimsiz mehnat qilib kelmoqda. Uning eslashicha, karerasining boshida u bazi qiyinchiliklarga duch kelgan biroq ahil jamoa va oilasining qo‘llab-quvvatlashi uni to‘g‘ri kasb va kompaniya tanlaganiga ishontirdi.

“Xalqaro munosabatlar men uchun yangi yo‘nalish edi. Shunning uchun boshlanishida qiyinchiliklar bo‘ldi. Men IT Parkga o‘z komfort zonamni tark etish uchun keldim, o‘z ustimda va yangi yo‘nalishda ishlashga, kuchli tomonlarimni ko‘rsatishga tayyor edim. Mashaqqatli mehnat, oilamning qo‘llab-quvvatlashi, bo‘lim a‘zolarining yordami va IT Park jamoasining ishonchi tufayli men moslashuvchanlik, qat‘iyatlilik va tezkorlik kabi yangi ko‘nikmalarga ega bo‘ldim”.

Dildora o‘z ishini va jamoasini juda yaxshi ko‘radi.

“Mening asosiy ilhomim, motivatorim bu mening jamoam, har kuni o‘sishim va rivojlanishim, ulkan yutuqlarga erishishimga yordam beradi. Ahil jamoamning g‘ayrati va cheksiz g‘oyalari meni yana-da ilhomlantiradi. Bu odamlar bilan men barcha qiyinchilik va muammolarni yengib chiqaman”.

Dildora IT Park tomonidan aholi turmush farovonligini oshirish yo‘lida ulkan ishlar qilinayotganidan va bunday o‘zgarishlarning bir qismi ekanligidan xursand. 

“Men uchun IT Park - g‘oyalar tug‘ilib, haqiqatga aylanadigan inkubatordir. Siz o‘z fikringizni bildirishingiz mumkin va ular sizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadilar, bu g‘oyani amalga oshirishingiz uchun sizni qo‘llab-quvvatlaydilar."

O‘zbekistonning IT sohasi haqida qanday fikrdasiz?

IT sohasi O‘zbekistonda eng faol rivojlanayotgan soha, deydi u. Uning ta‘kidlashicha, agar taraqqiyot shu sur‘atda davom etsa, O‘zbekiston bu sohada yetakchilardan biriga aylanadi.

“AKT sohasiga katta imtiyozlar berilayotganidan juda mamnunman. Talabning o‘sishi va IT-mutaxassislari uchun taklif etilayotgan ish haqi darajasi ham quvonarli. O‘zbekiston IT-sohasining sarmoyaviy jozibadorligi jadal sur‘atlar bilan o‘sib bormoqda. Xorijiy IT-kompaniyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar yordamida bugungi kunda IT sohasi O‘zbekistonda izchil yangi ish o‘rinlari yaratib kelayotgan tarmoqlardan biri hisoblanadi”.

Dildoraning so‘zlariga ko‘ra, IT Park IT-texnologiyalari mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning eng qisqa va samarali yo‘li ekanligini isbotlashga muvaffaq bo‘lmoqda.

"Ishonch bilan ayta olamanki, IT Park O‘zbekistonda IT kasbini trendga olib chiqmoqda. Masalan, bir necha yil oldin IT sohasi karera uchun unchalik ham to‘g‘ri yo‘l emas edi. Agar biz yoshlardan kim bo‘lishni xohlashlarini so‘rasak, ko‘pchilik kelajak kasbini IT yo‘nalishi bilan bog‘lashni xohlashlarini aytishadi. Bundan tashqari, IT faqat erkaklar sohasi degan fikri noto‘g‘ri, zero axborot texnologiyalari sohasida ayollar ham erkaklar kabi vazifalarni bajarib, yuqori lavozimlarni egallashi mumkin”. 

Sevimli mashg‘ulotlaringiz va orzularingiz haqida so‘zlab bersangiz

Dildoraning sevimli mashg‘ulotlari ko‘p. Uning eng sevimli mashg‘ulotlariga pishiriqlar va qandolat mahsulotlarini tayyorlash kiradi, chunki bu unga ilhom beradi. Shuningdek, u shaxsni rivojlantirish va munosabatlar psixologiyasi bo‘yicha seminarlar va kurslarga qiziqadi. Bundan tashqari, Dildora bo‘sh vaqtini oilasiga va sport shug‘illanishga bag‘ishlaydi.

“Sport - bo‘sh vaqtni o‘tkazishning ajoyib va ​​foydali usuli. Yaqinda men konkida uchishga qiziqib qoldim. Bolaligimda figurali uchish bo‘yicha chiqishlarni tomosha qilishni yoqtirar edim. Men qo‘rquvimni yengib, muz saroyiga bir necha bor tashrif buyurdim, hammasini o‘zim qilishga harakat qildim va men buni uddaladim. Shuningdek, men oilam bilan ochiq havoda dam olishni yaxshi ko‘raman. Masalan, O‘zbekiston tabiati va tog‘laridan bahramand bo‘lish va toza havoda sayr qilish".

Qahramonimiz sarguzasht va sayohat qilishni orzu qiladi.

“Mening asosiy orzularimdan biri dunyo bo‘ylab sayohat qilish va mahalliy madaniyatga sho‘ng‘ishdir. Yevropaning me‘morchiligi va tabiati meni ilhomlantiradi”.

IT Parkʼda dunyoqarashi oʻrganilmagan galaktikalarni eslatuvchi ajoyib va koʻp qirrali insonlar ishlaydi. Siz mehribon IT Park oilasiga qoʻshilishni xohlaysizmi? Unda hr@it-park.uz  elektron manziliga oʻz rezyumengizni yuboring.

2023-03-07