Tashkilot haqida ko’proq bilish uchun avvalo u yerda ishlaydigan xodimlar bilan tanishish kerak. Korxonaning rivojlanishi va muvaffaqiyati aynan ularga bog'liqdir.
“IT Park yuzi” an’anaviy ruknimizda biz xodimlarimiz haqida hikoya qilishda davom etamiz. Ruknimizning bu galgi qahramoni esa rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limining bosh menejeri Komolaxon Ro‘zmetova bo‘ldi. U o‘z faoliyatini amaliyotchi sifatida boshlagan.
Komolaxon 22 yoshda. U P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejini tamomlagan, so‘ngra O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga (O‘zDJTU) o‘qishga kirgan. Hozirda u TATUning “Telekommunikatsiya texnologiyalari” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda.
U IT Parkdagi mehnat faoliyatini 2020-yilda boshlagan. Komolaxonning xotirlashicha, barcha voqealar kutilmagan tarzda ro‘y bergan.
“Men IT sohasiga tasodifan kirib kelganman. 2020-yilda O‘zDJTUdagi guruhimiz IT Parkdagi yozgi dasturga jo‘natilgan edi. O'sha vaqtda ushbu qadam hayotimni qanday o'zgartirishini hatto tasavvur ham qila olmasdim. IT Parkda biz, ya’ni 25 nafar talaba test sinovlari va suhbatlarning bir necha bosqichlaridan o‘tdik. Biroq, natijalarga ko'ra, talabalar orasidan men va guruhdoshim qabul qilindik, chunki biz eng yuqori ball to'plagan edik. Bizni IT Park startap ekotizimlarini rivojlantirish bo‘limiga amaliyot o‘tash uchun ro‘yxatga olishdi. Bu yerda yuqori malakali mutaxassis Farruh Maqsumov rahbarligida tizimning barcha nozik tomonlarini puxta egalladim. Uning qo‘llab-quvvatlashi tufayli men “IT-Tadbirkor”, “E-commerce” kurslari, shuningdek, “Gamedev Goethe” o‘yinlarini rivojlantirish inkubatori loyihasi bo‘yicha loyiha menejeri bo‘lishga muvaffaq bo‘ldim. Shuningdek, “Coursera in Uzbekistan” dasturi, “Seedstars World Competition 2020/21” va boshqa loyihalar ustida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldim. Qolaversa, menga O‘zDJUWLdagi IT Park brend elchisi lavozimini ishonib topshirishdi, keyin esa IT Parkga rasman ishga qabul qilindim”.
Biroz vaqt o‘tgach, Komoloxon IT-kompaniyalar bilan ishlash bo‘yicha menejer lavozimiga tayinlangan.
“Bu soha meni shu qadar qiziqtirdiki, men O‘zDJTU’ning 3-kurs talabasi bo‘la turib, TATU’ning bakalavriat bosqichiga o’qishga kirganman va hozirda "Telekommunikatsiya texnologiyalari" yo'nalishida tahsil olaman. Men o‘z kasbim va tanlagan soham bilan faxrlanaman, chunki axborot texnologiyalari - bu kelajak sohasi deb hisoblayman”.
Hozir Komolaxon IT Park rezidentlarini qo‘llab-quvvatlash bo’limida bosh menejer lavozimida ishlaydi. Uning vazifalariga IT Park rezident kompaniyalari bilan ishlash kiradi, hozirgi vaqta ularning 1200 tani tashkil qiladi.
Rezident maqomini olgan IT-kompaniyalar soliq masalalari, banklar, davlat idoralari bilan ishlash va h.k. kabi savollar bilan rezidentlarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimiga murojaat qilishlari mumkin. Komolaxon murojaatlar bilan ishlashdan tashqari, uchrashuv va tadbirlarni tashkil etish, shuningdek, rezident kompaniyalarning xizmatlari va tovarlarini tashqi va ichki bozorda ommalashtirish bilan shug‘ullanadi.
Nega aynan IT Park?
Mana uch yil davomida u IT Park manfaati yo’lida tinimsiz mehnat qilib, tashkilot rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Qahramonimiz xotirlashicha, u, avvaliga, koʻplab qiyinchiliklarga duch kelgan, ammo mashaqqatlar uning sohada o'sishga bo'lgan qat'iyatini yanada kuchaytirgan. Qiyinchiliklarni yengib o'tish va oldinga harakatlanishda davom etish uchun ijobiy munosabat, o'rganish va rivojlanish istagi, shuningdek, hamkasblar va sohadagi boshqa mutaxassislardan qo'llab-quvvatlash va yordam so'rash muhimdir.
"Albatta, har bir kasbning o'ziga xos qiyinchiliklari bor lekin boshqa tomondan, bu qiyinchiliklar va to‘siqlar kasbiy va shaxsiy rivojlanish va o‘sish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Men shunday keng ko‘lamli texnologik hamjamiyatning bir qismi bo‘lganimdan baxtiyorman, o‘z tanlovimdan juda mamnunman va IT Parkda ishlayotganimdan faxrlanaman”.
Ruknimiz qahramonining so‘zlariga ko‘ra, bu yerda yoshingizdan qat’iy nazar o‘rganishingiz, o‘sishingiz va rivojlanishingiz, shuningdek, soha va butun jamiyat rivojiga hissa qo‘shishingiz mumkin.
“IT Parkdagi meni o‘ziga tortgan birinchi narsa bu yoshlar uchun kasbiy o‘sish va rivojlanish imkoniyatlari bo‘ldi. Men haqiqiy professionallar bilan ishlayman va ulardan ko'p narsalarni o'rganaman. IT Park - bu o‘z g'oyalarimni hayotga tatbiq etishim mumkin bo'lgan joy. Tashkilot kundan-kunga faolroq rivojlanib borayotganidan juda mamnunman va men bu o'zgarishlarning bir qismi ekanligim meni yanada quvontiradi. Bu yerda g‘oyalarni taklif etuvchi va ularni amalga oshiruvchi yosh va ijodkor xodimlarni doimo olqishlanadi. IT Park taraqqiyot va o’sish uchun eng maqbul joydir!”
Komolaxon o‘z ishini juda yaxshi ko'radi va jamoasini qadrlaydi.
“Bosh direktorimiz Farhod Zairovich aytganidek, IT Park - bu ish emas, balki turmush tarzidir va men uning fikriga mutlaqo qo‘shilaman. Bu yerda biz ko'p vaqtimizni o'tkazamiz va bizning jamoa ahil oilaga aylanib qolgan. Agar odamlar o'z ishlaridan va jamoada ishlashdan qoniqish hosil qilsalar, har qanday kompaniya ulkan muvaffaqiyatga erishadi”.
O‘zbekistonning IT sohasi haqida qanday fikrdasiz?
Uning fikricha, O‘zbekistonning IT-sohasi katta salohiyatga ega va yaqin kelajakda bu sohada yuqori taraqqiyot kutilmoqda. Bugungi kunda IT sohasida biznes yuritish uchun istiqbolli va jozibador bozor sifatida O‘zbekistonga tobora ko‘proq kompaniyalar e’tibor qaratmoqda.
Komolaxonning ta'kidlashicha, IT-kompaniyalar uchun jozibador omillardan biri bu IT Park rezidenti bo'lish imkoniyati edi. Rezidentlik dasturida ularga soliq imtiyozlari, yaʼni daromad soligʻidan tashqari barcha soliqlarni toʻlashdan ozod qilish (12% o'rniga, kamaytirilgan stavka bo'yicha – 7,5%), bojxona imtiyozlari hamda xorijiy taʼsischilarga dividendlar, chet ellik mutaxassislarga xorijiy valyutada ish haqi toʻlash, shuningdek, chet ellik mutaxassislarni mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlamasdan ishlashga jalb qilish va boshqa shu kabi ko'plab imtiyozlar taqdim etilgan.
“IT Park O‘zbekistonda axborot texnologiyalari rivojida muhim o‘rin tutayotganidan faxrlanaman va hukumatimizning sa’y-harakatlari va ko‘magi bilan biz bu boradagi taraqqiyotni yanada ta’minlay olishimizga ishonaman.”
O‘zbekistonda IT-sohani rivojlantirish uchun qulay ekotizim yaratish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda, startaplar, innovatsion loyihalar va ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda, deya davom etadi Komolaxon.
“Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi IT-Park bilan hamkorlikda yoshlarni IT sohasiga keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, IT-markazlar va ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratayotganini ham qayd etmoqchiman. Masalan, EPAM kompaniyasi bilan birgalikda mamlakatimizda birinchi masofaviy universitet ochildi. Shuningdek, yoshlarga xalqaro IT sertifikatlarini olish uchun to‘lovlarni qoplash bo‘yicha loyihalar ishga tushirildi. Bularning barchasi mamlakatimizning barcha o‘zbekistonliklarni IT sohasiga jalb etishga ishtiyoqi baland ekanidan dalolat beradi. Mamlakatimizda ushbu soha jadal rivojlanayotganiga shubha qilmayman, chunki bu yerda barcha sohalarda keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda”.
Sevimli mashg‘ulotlaringiz va orzularingiz haqida soʻzlab bersangiz
Ayni paytda Komolaxon ishni o‘qish bilan uyg‘unlashtirganini hisobga olsak, uning doim ham bo‘sh vaqti bo‘lmasa-da, imkon qadar shaxsiy o‘sish va o‘zi uchun vaqt ajratishga harakat qiladi.
“Kasbim va ijtimoiy hayotimga oid mavzulardagi kitob va maqolalarni o‘qishga harakat qilaman. Men qiziqarli odamlar bilan aloqada bo‘lish va o‘zim uchun yangi narsalarni o‘rganishim mumkin bo‘lgan anjumanlar va tadbirlarda ishtirok etishni yoqtiraman”.
Bundan tashqari, u tabiat qo‘ynida vaqt o'tkazishni, sport bilan shug‘ullanishni va boshqa shu kabi mashg'ulotlarni yaxshi ko'radi. Shuningdek, Komolaxon bo’sh vaqtini oila va do‘stlari davrasida o’tkazishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
“Men uchun eng muhimi oilam va do‘stlarim bilan o‘tkazgan vaqtim. Men ular bilan o'tkazishim mumkin bo'lgan har bir lahzani juda qadrlayman. Biz tez-tez shahar tashqarisiga chiqamiz, shuningdek, uyda oilaviy tadbirlar o'tkazamiz va barcha qarindoshlarni taklif qilamiz. Bu yaqinlarni bir davraga jamlash uchun eng yaxshi imkoniyatdir”.
IT Parkʼdagi martaba zinapoyasi oldinga intilish istagi va aniq maqsadi boʻlgan har bir kishi uchun ochiq! Agar siz IT Park jamoasining aʼzosi boʻlishni istasangiz, rezyumeingizni quyidagi elektron pochta manziliga yuboring: hr@it-park.uz
2023-04-14