2020-yilning 26-noyabr kuni IT-Park Koreyaning Oʻzbekistondagi xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda IT-Park bosh direktori Farhod Ibragimov, KOICA Mamlakat vakolatxonasi rahbari Park Sung Jin, uning oʻrinbosari Jo Xyon Yong, shuningdek, IT-Park va KOICAning boshqa vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida tomonlar IT-Parkni rivojlantirish istiqbollari, “Oʻzbekistonda IT-Parkning barqaror rivojlanishi asoslarini shakllantirish va salohiyatini oshirish” loyihasi boʻyicha ishlarni amalga oshirish rejasi, shuningdek, kelgusi ikki tomonlama hamkorlikning uzoq muddatli istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda Zoom-call yordamida qatnashganlar: operatsion rejani ishlab chiqish boʻyicha (Koreya texnoparklari assotsiatsiyasi) mutaxassis Xyon Yang Yun, IT muhiti va uskunalarini rivojlantirish mutaxassisi Lim Jin Ho, taʼlim/maslahat dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha (Gyenbuk texnoparki) mutaxassis Kim Yang Jin, Jiun Jang loyihasi yordamchisi va Oʻzbekistondagi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va startaplar boʻyicha mustaqil ekspert Sasha Sternik ishtirok etdilar.
Loyiha mutaxassislari IT-Parkning ish salohiyatini oshirishga imkon beradigan barqaror taraqqiyot rejasini taqdim etdi. Loyiha doirasida 2021-2025-yillarda IT-Parkni boshqarishning uzoq muddatli bosh rejasi ishlab chiqiladi. Unga koʻra, Parkni uskunalar bilan jihozlash ishlarini qoʻllab-quvvatlash va xodimlarning salohiyatini mustahkamlash kabi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Qoʻshimcha qilib aytganda, 1 oy ichida, yaʼni 2020-yil 27-oktyabrdan 26-noyabrgacha maslahatchi va mutaxassislar tomonidan davlat hamda xorijiy tashkilotlar, shuningdek, vazirliklar, idoralar, xususiy va davlat kompaniyalari, universitetlar, IT-Park rezidentlari vakillari ishtirokida 15 dan ortiq onlayn uchrashuvlar oʻtkazildi. Ular qatoriga BMT Taraqqiyot Dasturi, Jahon banki, YeXHT va boshqa tashkilotlar, vazirliklar, idoralar va IT-kompaniyalar kiradi. Ushbu uchrashuvlar Oʻzbekistondagi axborot texnologiyalari bozorining hozirgi holatini chuqur tahlil qilish va oʻrganish, rivojlanish rejalarini muhokama qilish, hamkorlik hamda tashkilotlar bilan IT-Park oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning asosiy yoʻnalishini muhokama qilish maqsadida oʻtkazildi.
Tashrifning asosiy maqsadi infratuzilmani takomillashtirish, IT-dasturlar, shuningdek, moddiy-texnik bazani yaxshilash uchun axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlar texnologik parki — IT-Parkni rivojlantirish uchun grant ajratish orqali O‘zbekiston IT-sohasini qo‘llab-quvvatlash masalasi bo‘ldi. Grant miqdori 4,500,000 AQSH dollarini tashkil etadi.
IT-Park va KOICA oʻrtasidagi bu uchrashuv birinchisi emas. 2019-yil 11-noyabr kuni Parkda ushbu agentlik delegatsiyasi bilan texnoparklarni rivojlantirish dasturi doirasida IT-Park faoliyatini yuksaltirish uchun grant ajratish boʻyicha birinchi uchrashuv boʻlib oʻtgan edi. Shuningdek, KOICA vakillari 2020-yil fevral oyida ham IT Parkka tashrif buyurgan.
Uchrashuv soʻngida Park Sung Jin xonim uchun IT-Park va yangi IT-kompleks binosi atrofida kichik ekskursiya tashkil etildi.
2020-11-27