29-30-avgust kunlari Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi IT Park filiallarida hunarmandlar malakasini oshirish kurslari bo‘lib o‘tdi.
Kurslar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Prezidentimizning “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 77-sonli qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda qatnashish uchun jami Farg‘onadan 16 nafar, Namangandan esa 15 nafar ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan.
IT-Park, Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi va “NOVICA” xalqaro kompaniyasi vakillari ishtirokchilarga “Ebay”, “Etsy”, “NOVICA” va “Amazon” savdo platformalari haqida so‘zlab berdi.
O‘quv kursi davomida ishtirokchilar platformalarda ro‘yxatdan o‘tish va foydalanish, ularda hunarmandchilik mahsulotlarini sotish yo‘llarini o‘rgandilar. Mazkur kurslar hunarmandlarning xalqaro bozorga chiqishiga yordam beribgina qolmay, O‘zbekiston milliy hunarmandchiligini rivojlantirish va ommalashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2021-yil 30-dekabrda “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 77-son qarori kuchga kirgan. Hujjatga ko‘ra, 2022-yildan boshlab aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:
• “usta-shogird” an’anasi asosida yoshlarga hunarmandchilikni o‘qitish, zarur xomashyo xarid qilish va o‘quvchilarni ish haqi bilan ta’minlash uchun 6 oy davomida BHMning kamida ikki barobari hajmida;
• talabalar uchun - mustaqil faoliyatni boshlash uchun zarur bo'lgan asbob-uskuna va jihozlar sotib olish qiymatining 50 foizi, BHMning yigirma besh baravaridan ko'p bo'lmagan miqdorida;
• ustalar uchun - xalqaro elektron savdo maydonlarida veb-saytlar yaratish, reklama qilish va o'z mahsulotlarini ilgari surish xarajatlarining 50 foizi, BHMning yigirma besh baravaridan ko'p bo'lmagan hajmda subsidiyalar ajratish tartibi joriy etilgan.
2022-09-05