IT-taʼlim imkoniyatlari boʻyicha treninglar

IT Parkʼning taʼlim loyihalari boʻyicha bosh menejerlari Ilhom Jurayev va Abdumalik Maksudov, shuningdek, IT Park xalqaro IT sertifikatlashtirish boʻlimi bosh menejeri Akbarxoʻja Anvarxonov Oʻzbekiston shaharlarida Coursera xalqaro platformasi boʻyicha seminar-treninglar oʻtkazdilar.

Xususan, 11-may kuni TATU Nukus filialida trening bo‘lib o‘tdi. IT Park vakillari talabalarga xalqaro IT sertifikatlari, dunyoning eng yaxshi IT kompaniyalari va universitetlarining yetakchi mutaxassislari rahbarligida IT sohasini o‘rganish va zarur ko‘nikmalarni egallashga yordam beruvchi Coursera ta’lim platformasida o‘qishning afzalliklari haqida so‘zlab berishdi.

Shu kuni Qoraqalpog‘iston filiali binosida IT Park menejerlari va rezidentlari uchun trening o‘tkazildi. Sessiyada ularga Coursera platformasining imkoniyatlari, xalqaro IT sertifikatlari, COP loyihasi haqida soʻzlab berildi.

COP kursi tinglovchilarning axborot jamiyatidagi xulq-atvor koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan. Dasturni amalga oshirishdan maqsad zamonaviy raqamli texnologiyalardan erkin foydalangan holda o‘quv jarayonida, darsdan tashqari mashg‘ulotlarda raqamli ta’lim muhitida voyaga yetmaganlarning xulq-atvori xavfsizligini ta’minlash sohasidagi pedagoglarning malakasini oshirishdan iborat.

12-may kuni TATU Urganch filiali va IT Park Xorazm filialida seminarlar bo‘lib o‘tdi. IT Park xodimlari talabalarga IT-ta’limning yangi imkoniyatlari, Coursera kompensatsiya dasturi, xalqaro IT sertifikatlari va COP loyihasi haqida so‘zlab berishdi.

Shunday qilib, talabalar Microsoft, Google, Cisco, Coursera, Oracle, Cybersecurity va boshqa xalqaro IT sertifikatlarini olishga sarflangan mablagʻning 50% gacha kompensatsiya qilinishi mumkinligini bilib oldilar.

Bunday seminar-treninglar respublikaning boshqa shaharlarida ham o‘tkazilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, xalqaro IT sertifikatini olishga sarflangan mablag‘ning 50 foizigacha kompensatsiya olishingiz mumkin bo‘lgan dastur IT Park tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida ishga tushirilgan.

Kompensatsiya olish uchun quyidagilar zarur:

  • 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lish;
  • www.my.gov.uz elektron portalida onlayn ariza toʻldirish;
  • zarur hujjatlarni ilova qilish (xarajat kvitansiyasining nusxasi, IT-sertifikatning nusxasi);
  • agar ariza beruvchi 16 yoshga toʻlmagan boʻlsa, arizani toʻldirishda ota-ona/vasiylarning maʼlumotlarini kiritish lozim;
  • kompensatsiya qilinadigan xalqaro IT sertifikatlari roʻyxati bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://bit.ly/3ObPrtA

Kompensatsiya olish uchun siz sertifikat olingan kundan boshlab 180 kundan kechiktirmay ariza topshirishingiz lozim.

Arizani quyidagi havola orqali topshirishingiz mumkin: https://my.gov.uz/uz/service/622.

2023-05-15