Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya  Universitetida inkubatsiya markazi ochildi

17-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida IT-park qoshidagi Inkubatsiya markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, JIDU rektori Sodiq Safoyev, IT-park direktori Farhod Ibragimov, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta ta’lim vazirliklarining mas’ul vakillari, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, yetakchi xususiy kompaniyalar rahbarlari, OAV vakillari, IT Park mutaxassislari, JIDU o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlarida raqamli texnologiyalarni faol rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu bois ular davlat, ijtimoiy, ta’lim va boshqa jarayonlarni har tomonlama raqamlashtirishga qaratilgan milliy raqamli rivojlanish strategiyalarini qabul qilmoqdalar.


Inkubatsiya markazi 120 kvadrat metr maydonda joylashgan. U innovatsion loyihalar ustida samarali ishlash uchun barcha zarur shart-sharoitlarga ega. Inkubatsiya dasturlari 8 ta modulni o‘z ichiga oladi: loyiha imkoniyatlarini o‘rganish, bozor va mahsulot tahlili, biznesni modellashtirish, marketingni ilgari surish va boshqalar.


Modullar Inkubatsiya markazining kovorking markazlarida o‘tkaziladi. Ma’ruzalar uchun turli biznes sohalaridan ma’ruzachilarni taklif qilish rejalashtirilgan - bu talabalarga o‘z loyihasini samarali va batafsil ishlab chiqish imkonini beradi. Inkubatsiya dasturining yakuni bo‘yicha, talabalar tasdiqlangan g‘oya, jamoa va MVP (Minimal Viable Product)ga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, har bir modulda talabalarga xatolar ustida ishlash va mahsulotni yaxshilash uchun koordinator bilan ekspert sessiyasi beriladi.

JIDU rektori Sodiq Safoyev ta’kidlaganidek, kelgusida Inkubatsiya markazida konsalting xizmatlari ko‘rsatish, tanlovlar, seminarlar, mahorat darslari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Yangi Inkubatsiya markazining ochilishi doirasida IT Park va JIDU o‘rtasida bitim imzolanib, startap loyihalar taqdimoti va yosh tadbirkorlar uchun mavzuli seminar bo‘lib o‘tdi.

2022-05-17