Jizzax viloyatida 5-7 iyun kunlari “O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Festival doirasida IT Park Jizzax filiali hamda Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan xakaton va kibersport bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Xakaton ikki bosqichda bo‘lib o‘tdi. Unda o‘quvchilar turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z startap loyihalari bilan ishtirok etishdi. Musobaqaning birinchi kuni Jizzaxdagi IT maktabda o‘tkazildi. Ishtirokchilar o‘z loyihalarining demo versiyasini ishlab chiqishdi va tanlovning ikkinchi bosqichida ishlanmalarini namoyish etishdi.
Xakatonda ishtirok etish uchun Jizzax viloyatidan 120 dan ortiq ariza kelish tushdi. Tadbirda IT Park maslahatchisi Jayaram Partasarti, startap ekotizimini rivojlantirish menejeri Narimanov Shoxrux, loyiha koordinatori Tilavov Sardor, Axborot texnologiyalari vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi Meliboev Laziz va IT maktab direktori Muhammadiev Dilshod ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali talabasi Abdug‘niev Axror tomonidan taqdim etilgan “Webprogress” startap loyihasi eng yaxshi loyiha deb topildi, shuningdek, loyiha muallifi Abdug‘niev Axror smartfon bilan taqdirlandi.
“O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” festivali doirasida IT Park virtual dunyoda o‘z mahoratini namoyish etishni istaganlar uchun kibersport bo‘yicha musobaqa tashkil etdi.
Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tgan musobaqa davomida CS:GO yo‘nalishi bo‘yicha 30 dan ziyod jamoa ro‘yxatdan o‘tdi. 3 kun davomida barcha hududlardan kelgan 16 ta jamoa o‘rtasida qizg‘in janglar bo‘lib o‘tdi. Final bosqichiga chiqqan “Kiber 5” va “Дракон” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yinda “Kiber 5” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va musobaqaning mutloq g‘olibiga aylandi. Chempionlar 1-darajali diplom hamda smartfonlar bilan taqdirlandi.
2021-06-15