Jizzaxda Sambhram Institute of Technology institutining filiali ochiladi

Joriy yilning 20-fevral kuni IT Park’da “Sambhram Group of Institutions” o‘quv muassasasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda IT Park direktori Farhod Ibragimov, hindistonlik maslahatchi, IT Park maslahatchisi, Jizzaxdagi IT Park direktori Jayram Partasarti, “Sambhram Group of Institutions” raisi Dr. Nagaraj, “Sambhram Group of Institutions” dekani Dr. Chandrakant, Xalqaro maslahatchi Naga Subra Maniyam hamda IT Park vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar Jizzax shahrida Hindistonning yetakchi oliy o‘quv muassasalaridan biri Sambhram texnologiya instituti (Sambhram Institute of Technology) filiali ochilishini muhokama qilishdi. Mazkur tashabbus axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida mutaxassislarni, shu jumladan dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari, kompyuter muhandisligi va axborot tizimlarini boshqarish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv so‘ngida, har ikki tomon ham o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga rozilik bildirishdi. IT Park, o‘z navbatida, “Sambhram Group of Institutions” ga O‘zbekistonda faoliyat yuritishi uchun har tomonlama yordam ko‘rsatadi.


 

Ma’lumot uchun:

Sambram Texnologiya Universiteti 2001-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Bangalordagi eng yaxshi muhandislik institutlaridan biri hisoblanadi. 2020-2021 o‘quv yili uchun muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha, ya’ni kompyuter fanlari, elektronika va kommunikatsiya, informatika va mexanika yo‘nalishlari bo‘yicha taxminan 1 200 abituriyentga kvota ajratildi.

Institutga sanoat va ilmiy sohalardan tashkil topgan mutaxassislar jamoasi tomonidan asos solingan. Ushbu institutning asoschilari hind ta’lim sohasiga katta hissa qo‘shgan ulug‘ ustoz-murabbiylar hisoblanadi.

SaIT talabalarni tegishli ko‘nikma, qadriyat va sifatga ega bo‘lgan mutaxassislarga aylantirishda yordam beradigan kompleks ta’lim dasturini o‘z ichiga oladi. Shu ketishda, kelajakda talabalar o‘zlarining karyeralarini rivojlantirishlari hamda tez rivojlanayotgan axborot texnologiyalari dunyosiga moslashishlari mumkin.

Ushbu OTM quyidagi mutaxassisliklarni o‘z ichiga oladi.

- kompyuter fanlari va muhandislik;

- axborot fanlari va muhandislik;

- elektronika va kommunikatsiya texnologiyalari;

- mashinasozlik;

- fuqorolik qurilishi va shu kabi boshqa yo‘nalishlar.

2021-02-23