Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov mintaqaning eng faol masofaviy xizmat ko‘rsatish markazlaridan biri – BLMEDIA BPO markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur kompaniya qisqa vaqt ichida sezilarli o‘sishga erishgan bo‘lib, 2023-yilda atigi 12 nafar xodim bilan ish boshlagan, bugungi kunga kelib esa 70 nafardan ortiq malakali operator, dasturchi va texnik mutaxassislarni birlashtirgan.
Hozirda BLMEDIA xorijga masofaviy xizmatlar eksportini amalga oshirib, xalqaro BPO bozorida O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirayotgan kompaniyalardan biri. Korxona mijozlarga texnik yordam, qo‘llab-quvvatlash markazi xizmatlari, kontent moderatsiyasi va boshqa bir qator masofaviy xizmat turlarini taklif etib, eksportni barqaror oshirib bormoqda.
Uchrashuv davomida markazning hududiy tarmoqlari ham faol rivojlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, Paxtakor, Mirzacho‘l va Do‘stlik tumanlarida filiallarning ochilgani, ushbu hududlarda bandlikni oshirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga jalb qilish va BPO xizmatlariga bo‘lgan talabni qondirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Kompaniya rahbari 2026-yil uchun yangi rejalarni taqdim etdi. Unga ko‘ra, kelgusi ikki yil ichida qo‘shimcha 50 ta yangi ish o‘rni yaratish, xizmatlar sifatini oshirish va eksport hajmini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bu esa Jizzax viloyatida BPO ekotizimining shakllanishi va o‘sishiga sezilarli turtki berishi aytib o‘tildi.
2025-12-03