2022-yilning 9-noyabr kuni Kanadaning O‘zbekiston, Rossiya Federatsiyasi va Armanistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Elison Le Kler hamda tijorat direktori Yelena Kucheryayeva IT Parkʼga tashrif buyurishdi.
Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova hamda IT Park vakillari kutib olishdi.
Uchrashuv davomida IT Park faoliyati bilan tanishtirildi. Xususan, xorijlik mehmonlarga O‘zbekiston bozorining IT va BPO sohasidagi salohiyati, shuningdek, so‘nggi yillarda mamlakatda sohani sezilarli darajada rivojlantirish imkonini bergan islohotlar haqida so‘zlab berildi.
Muloqot ishtirokchilari biznes hamjamiyati aʼzolariga birgalikdagi saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish va barcha ishtirokchilar uchun qulay ish sharoitlarini yaratish imkonini beruvchi assotsiatsiya yaratish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda energiya samaradorligini, resurslarni tejaydigan va ekologik toza yashil texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar taʼkidlaganidek, ekologik IT tashabbuslari intellektual texnologiyalar qoʻllaniladigan xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi va qayta ishlangan materiallar aylanma iqtisodiyotni rivojlantirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, tomonlar IT sohasidagi ayollar mavzusiga eʼtibor qaratdilar. Shu tariqa, muhokama ishtirokchilari sohada ayollarning faolligini kengaytirish muhimligini ta’kidladilar. Xususan, Le Kler xonim bundan bir necha o‘n yillar oldin Kanadada ayollar uchun muayyan turdagi ishlar bilan shug‘ullanish qiyin bo‘lganini ta’kidladi, chunki bir qator kasblar an’anaviy ravishda erkaklar uchun deb hisoblangan. Biroq, to‘g‘ri olib borilgan siyosat, qonunlar va islohotlar tufayli chegaralar o‘chirildi va stereotiplar endi ikkinchi planga oʻtib bormoqda.
Le Kler xonim IT Parkʼning qizlarni AKT sohasiga jalb etishdagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildirdi. Tomonlar kelgusida STEM sektorida ayollar sonini koʻpaytirishga qaratilgan hamkorlikda ish olib borish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar Kanadaning manfaatdor IT-kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga jalb qilish hamda faoliyatni kengaytirish va yirik IT-buyurtmalarni jalb qilish maqsadida IT Park rezidentlarining Kanada bozoriga kirishi bo‘yicha yaqin hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
2022-11-10