Translaton (Translation + Marathon) — Khan Academy Oʻzbek koʻngillilar jamoasi tomonidan tashkillashtirilgan tarjima marafoni. Translatonning asosiy maqsadi dunyo miqyosidagi top kontentni oʻzbek tiliga tarjima qilish va yoshlar orasida ilm-fan, mutolaaga boʻlgan qiziqishni oshirishdan iborat. Marafonda 1 hafta davomida 1 millionta soʻzli kontentni oʻzbek tiliga tarjima qilish rejalashtirilgan.
Tarjima wikipedia.org, elementy.ru, postnauka.ru, serious-science.org, askamathematician.com, habr.com kabi manbalardan foydalangan holda matematika, fizika, texnologiya, iqtisodiyot va biznes, informatika, biologiya, kimyo va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha olib boriladi.
Bundan tashqari, 7 kun mobaynida open source (ochiq kodli dasturiy taʼminot), open data (ochiq maʼlumotlar) kontentni mahalliylashtirish va ijtimoiy tadbirkorlik mavzularida taqdimotlar oʻtkazish ham rejalashtirilgan. Spikerlar va dasturni koʻrish uchun Khan Academy Oʻzbek Telegram kanalini kuzatib boring.
Marafon IT Park Oʻzbekiston, Xalq taʼlimi vazirligi, Ilgʻor texnologiyalar markazi, knigamir.uz va azon.uz homiyligida oʻtkazilmoqda.
Tarjimon– rus yoki ingliz tilidan oʻzbek tiliga tarjima qila oladigan va ilm-fanga qiziqishi boʻlgan shaxs.
Muharrir– oʻzbek tiliga tarjima qilingan maqolalarni turli mezonlar boʻyicha tahrirlay oladigan mutaxassis.
Koordinator– jamoadagi tashkiliy muammolarni hal etishga va guruhning lideri boʻlib uni olgʻa boshlashga qodir kishi.
Ariza topshirish: bit.ly/translaton_uz
Loyiha 4 bosqichda olib boriladi:
8-16-avgust — Qatnashchi (tarjimon, muharrir va koordinator)larni saralash uchun arizalar qabul qilish.
17-23-avgust — Marafonga start berish.
24-30-avgust — Kontent sifatini tekshirish.
31-avgust — Gʻoliblarni taqdirlash
● Eng yaxshi tarjimon/muharrir. Bunda ishning sifati va xatoliklar soniga qaraladi (10 ta sovrin);
● Eng faol ishtirokchi. Bunda tarjima / tahrir hajmiga eʼtibor beriladi. Sifat pasayishining oldini olish uchun jarima ballari qoʻllanadi, yaʼni yomon tarjimadagi n ta soʻz hisobga olinmaydi (10 ta sovrin);
● Eng zoʻr jamoa. Bir-biriga boshqalarga qaraganda faolroq yordam bergan va qoʻllab-quvvatlagan guruhga beriladi.
Sovrinlar ishtirokchilar qoʻshgan hissaga qarab bir-biridan farqlanadi. Mukofot sifatida hozircha, elektron kitoblar, miBand soatlar, shuningdek, oʻzbek yoki boshqa tillardagi (ishtirokchilar yoʻnalishiga qarab) bosma kitoblarni sovgʻa qilish rejalashtirilgan.
Khan Academy Oʻzbek bu dunyoga mashhur Khan Academy platformasining oʻzbek tilidagi talqinidir. Loyiha xayriya asosida faoliyat yuritadi. Platformadagi barcha videodars va mashqlar mutlaqo bepul. Khan Academy Oʻzbekning asosiy maqsadi — oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar uchun sifatli bepul taʼlimni taqdim etish va ilm-fan ravnaqiga hissa qoʻshish. Bugungi kungacha (10.08.2020) loyiha doirasida 1600 ga yaqin videodars va 7 mln soʻzdan ortiq matnli kontent yaratildi. Loyiha haqida rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan koʻproq maʼlumot olishingiz mumkin.
Rasmiy sayt: xanakademiyasi.uz
Telegram: t.me/KhanAcademyUzbek
Facebook: fb.com/KhanAcademyUzbek
Youtube: youtube.com/KhanAcademyUzbek
Hamkorlik qilishni istaganlar loyihani moliyaviy qoʻllab-quvvatlashi yoki ishtirokchilar uchun maxsus mukofotlar taqdim qilishi mumkin.
Oʻzbek tili kontentini boyitish yoʻlida bizga qoʻshiling va doʻstlaringizni taklif qiling!
Hoziroq ariza topshiring: bit.ly/translaton_uz
Savollar boʻlsa: t.me/khanacademyuzbek_translators
2020-08-15